Avvalroq, Davlat ekologiya qo‘mitasi «Navoiyazot» korxonasi qudug‘idan sanoat chiqindilarining Zarafshon daryosiga tashlanishi oqibatida baliqlarning ommaviy zaharlanishiga olib kelgani haqida xabar bergandi.

Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 196-moddasi (Atrof tabiiy muhitni ifloslantirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ta’kidlanishicha, sanoat korxonalaridan Zarafshon daryosiga oqizilgan chiqindi suvlar tarkibi va nobud bo‘lgan baliqlarda maxsus laboratoriya va ekspertiza tahlillari o‘tkazilib, tegishli xulosalar olingan va boshqa holatlar atroflicha o‘rganilgan.

Tekshiruv natijalari, Zarafshon daryosiga azot ammoniy, nitrit va boshqa kimyoviy moddalar me’yoridan ortiqcha miqdorda oqizilganligi oqibatida daryodagi ko‘plab baliqlar nobud bo‘lganligini ko‘rsatgan.

Bunga qadar «Navoiyazot» zaxarli moddalarning Zarafshon daryosiga oqizilgani bo‘yicha ayblovni rad etgandi. Kompaniya munosabatida aytilishicha, «so‘nggi davrda oqava suvlarning sifati o‘zgarishlarsiz» bo‘lgan. «Tashlanma suvlardan laboratoriya taxlillari olinib keyinchalik Zarafshon daryosiga yuboriladi», — deyiladi xabarda.

oktabrning birinchi yarmida Davlat ekologiya qo‘mitasi bergan xabarida, mazkur korxonaga tegishli quduqdan daryoga chiqarilgan moddalar belgilangan me’yorlardan bir necha barobarga yuqoriligi, jumladan, azot ammoniy (21 barobar), azot nitrat (2,6 barobar), azot nitrit (60 barobar), xloridlar (1,3 barobar) va mis ionlari (2,1 barobar) borligi aytilgan edi.