O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik sharoitida bolalarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Yaponiya hukumati O‘zbekistonga 200 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratdi, deb xabar berdi YUNISEF matbuot xizmati «Gazeta.uz» ga.

Avval yozganimizdek, Yaponiya Afg‘oniston va qo‘shni davlatlar — O‘zbekiston, Pokiston, Eron, Tojikistonga «gumanitar ehtiyojlar o‘sib borayotgani sababli» jami 65 mln dollar miqdorida favqulodda grant yordami ajratadi. Yordam yettita xalqaro tashkilot orqali yetkaziladi.

«Mazkur grant doirasida YUNICEF Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan yaqin hamkorlikda Respublika „Tashxis“ markazi yordamida bolalarni favqulodda vaziyatlarda himoya qilishni kuchaytirishga zamin yaratadi», deyiladi xabarda.

Asosiy tadbirlar Surxondaryo viloyatidagi bolalarni himoya qilish bo‘yicha ishlarda qo‘llanma sifatida xizmat qiluvchi va ularni tegishli mutaxassislarga yo‘naltiruvchi idoralararo standart operatsion tartib-qoidalarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.

Ijtimoiy soha xodimlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida o‘quv platformasini yaratish hamda mustaqil onlayn o‘quv kurslarini rivojlantirish orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshiradilar. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi ikkita psixologik-ijtimoiy ko‘mak markazi zarur mebel va IT-uskunalar bilan jihozlanadi.

Ushbu loyiha 70 mingdan ortiq bolalar va ularning oilalari farovonligini yaxshilashga yordam berilishi kutilmoqda.

«Barcha inqiroz holatlarida bolalar eng ko‘p aziyat chekadilar. Mojarolar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar qizlar va o‘g‘il bolalarga nisbatan bo‘lgan zo‘ravonlik, ekspluatatsiya, shavqatsiz munosabat va e’tiborsizlik xavfini oshiradi. Aksariyat hollarda, bolalar asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladilar va bu ularning ruhiy va psixologik farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

«Shu uchun ham bu investitsiyalar bolalarni himoya qilish tizimlarini mustahkamlashga, xususan, zo‘ravonlik va ekspluatatsiya qilish holatlarining oldini olish va ularga javob berish, oilalardan ajralish, ruhiy salomatlik va psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijtimoiy xodimlarning malakalarini oshirishga qaratilishi muhimdir», — deya qo‘shimcha qildi vakolatxona rahbari.