Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeaga munosabat bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «OTMda talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) — jiddiy muammo, Pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo‘lgan voqea buning yaqqol dalilidir».

«Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz. Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qat’iyati tahsinga sazovor. Biroq taz’yiq va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dardu hasratini mash’um kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha! Jabrdiydaning o‘zini ayblab, tergovni „yopti-yopti“ qilib yuborilgan holatlar qancha! Qanchadan-qancha jinoyatchilar ojizani murosaga ko‘ndirgani yoki qo‘rqitib qo‘ygani uchun suvdan quruq chiqqan?», — deb yozib qoldirdi Saida Mirziyoyeva.

U O‘zbekistonda Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyiha yaratish zarur, deb hisoblaydi.

Saida Mirziyoyevaning fikricha, «aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart».

«Zo‘ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga ishonchi komil bo‘lishi, zo‘ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur. Shunda nafaqat o‘qishdan haydash yoki boshqa bahonalar bilan OTM talaba qizlariga tahdid qilishga, balki istalgan boshqa joyda ham lavozim va mavqeini suiste’mol qilish bilan qonunni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Saida Mirziyoyeva ushbu holatga e’tirob qaratgan Nemolchi.uz loyihasiga ham to‘xtaldi.

«Menimcha, qiz-ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi bunday OAV faoliyati — katta muvaffaqiyat hamda adolatsizlik va seksizimga toqat qilishni istamaydiganlarning so‘nggi umididir. Fond ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bunday ommaviy axborot vositalarini olqishlashi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqchiman», — deya yozib qoldirdi u.

Toshkent davlat pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari o‘z xonasida 3 kurs talabasiga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda. Qiz qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng dekan muovini uni derazadan itarib yuboradi va qiz tushib ketadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dekan o‘rinbosari qo‘lga olindi.

Oliy ta’lim vazirligi Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeani nazoratiga oldi. Vazirlik ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa jabrlanuvchi qizning salomatligini o‘z nazoratiga oldi.