Markaziy bankning yanvar-sentabr oylari yakunlari bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari asosida tayyorlangan hisoboti e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan 9 oy yakuniga to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 5,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

O‘tgan davrda savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) manfiy saldosi 10,1 mlrd dollarni, birlamchi va ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi 4,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Natijada savdo balansi manfiy saldosi xorijdan pul o‘tkazmalari hisobiga qisman qoplangan.

Manba: cbu.uz

Qayd etilishicha, yanvar-sentabr oylari yakunlari bo‘yicha jami tovarlar eksporti 8,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bunda, eksport (nomonetar oltin hisobga olinmagan holda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga yoki 1,8 mlrd dollarga ko‘payib, 6,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Tovarlar eksportidagi o‘sish asosan tekstil va metallurgiya sanoati mahsulotlari eksporti hajmidagi o‘sish hisobiga yuz berganligi aytilmoqda.

Xizmatlar eksporti esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki 322 mln dollarga oshib, 1,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarning asta sekinlik bilan yumshatilishi xizmatlar savdo aylanmasi ko‘payishiga sabab bo‘lganligi qayd etilgan.

«Tovarlar importi 16,5 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foiz yoki 2,9 mlrd dollarga oshdi. Tovarlar importining asosiy qismini „mashinalar, uskunalar, mexanizmlar“, „qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar“, „kimyo sanoati mahsulotlari“ va „yer usti, havo va suv transporti vositalari“ tovar guruhlari tashkil etdi», — deyiladi hisobotda.

Xizmatlar importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foiz yoki 794 mln dollarga oshib 3,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Xizmatlar importi tuzilmasida transport xizmatlarida sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Shuningdek, hisob-kitoblarga asosan, birlamchi daromadlar ijobiy saldosi 218 mln dollar miqdorida shakllangan. Ikkilamchi daromadlar ijobiy sal’dosi 4,6 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 foizga o‘sishi kuzatilgan.

Markaziy bank tashqi daromadlardagi o‘sishni pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar yumshatilishi natijasida xorijga chiqib ketgan mehnat migrantlari sonining o‘sishi va xarajatlar qismini «jalb qilingan qarzlarga hisoblangan foizlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investorlar daromadlarining o‘sishi» bilan izohlamoqda.

Ma’lumot uchun, yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 4,9 mlrd dollarni tashkil etgan edi.