16 oktabr kuni Termizda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi va Afg‘oniston muvaqqati hukumati vakillari muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarlik qildi. Afg‘oniston tomonidan esa «Tolibon» bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salam Hanafiy qatnashdi.

Toliblarning rasmiy vakili Zabihulla Mudjohid aniqlik kiritishicha, afg‘on delegatsiyasi tarkibida shuningdek, TIV vakillari, Iqtisodiyot vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ta’lim vazirligi va boshqa bir qator tashkilotlar, qolaversa, tadbirkorlar guruhi ham bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar ayniqsa qish mavsumi davomida ikki tomonlama savdoni kengaytirishni, shuningdek, Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan yoqilg‘i va birinchi galdagi zaruriy tovarlar hajmini oshirish, afg‘on tadbirkorlari uchun tranzit imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik qilish, «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish tarmoqlari va «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalari muhokama qilishgan.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Afg‘oniston «bir necha sohalarda ishchi guruhlar tuzishdi». Tomonlar 10 kun ichida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasini» tayyorlaydi va uni ikki mamlakat rahbarlariga taqdim etadi, deb xabar qildi Zabihulla Mujohid.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni TIV rahbari Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulda Afg‘oniston muvaqqat hukumat rahbari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. U yaqin orada Termizda ikkala davlatning ishchi guruhlari muzokaralar o‘tkazishini, unda savdo-iqtisodiy tusdagi, shu bilan birga, «Surxon — Puli-Xumri» EUT va «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihalari muhokama qilinishini ma’lum qilgandi.