Adliya vazirligi tomonidan prezidentning aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratishga oid farmoni ijrosi yuzasidan 29 ta vazirlik va idoralarda o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

O‘rganishlar natijasida vazirlik va idoralar tomonidan farmonda belgilangan talablar buzilgani, ayrim tadbirlar ijrosi ta’minlanmagani aniqlangan.

Xususan, 1 iyundan 18 turdagi ma’lumot va hujjatlarni aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilish bekor qilinib, ushbu hujjatlarni mustaqil ravishda, shu jumladan «Elektron hukumat» tizimi orqali so‘rab olinishi belgilangan. Shunday bo‘lsa-da, farmon talabi buzilib jami 3 256 ta holatda hujjatlar aholining o‘zidan talab qilib olingan.

O‘rganish yakunida aholidan ortiqcha hujjatlarni talab qilib olganligi uchun quyidagi vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215−5-moddasiga (Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzish) asosan ma’muriy javobgarlikka (BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha) tortildi:

  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;
  • Innovatsion rivojlanish vazirligi;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi;
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi;
  • Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi;
  • Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi;
  • Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi;
  • Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi.

Shuningdek, o‘rganilgan 29 ta vazirlik va idoralardan 3 tasi o‘rganish jarayonida, qolgan 24 ta vazirlik va idoralar hamda ularning tizim idoralari o‘rganish yakuni bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga ulanishi ta’minlandi.

«Bu esa ushbu davlat organlariga ular tomonidan xizmat ko‘rsatish jarayonida aholini ovora qilmasdan (hujjatlarni aholidan talab qilib olmasdan) davlat xizmatini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni vakolatli organlardan mustaqil ravishda so‘rab olish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Aniqlangan qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida vazirlik va idoralarga 21 ta taqdimnoma kiritilgan.

Kiritilgan taqdimnomalar natijasida davlat organlari va tashkilotlarining 38 nafar ma’sul xodimiga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.