Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida Afg‘oniston bo‘yicha fikr bildirdi.

Vazir haligacha Afg‘onistondagi vaziyat mintaqadagi keskinlikning omili bo‘lib kelayotganligini qayd etdi. «Ushbu mamlakat hududining turli qismlarida ayrim terrorchilik guruhlari faoliyat ko‘rsatishda davom etayotgani ham bu fikrni ­tasdiqlaydi», — dedi vazir.

«Shunday bo‘lsada, biz Afg‘onistonning nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki mintaqaviy konstruktiv va yaratuvchan loyihalarga asos bo‘ladigan yangi imkoniyatlar manbasi ekanini nazarda tutishimiz lozim. Biz Afg‘oniston xalqaro izolyatsiyaga tushib qolishi va janubiy chegaramizda „yakkalab qo‘yilgan“ davlat paydo bo‘lishiga, o‘tgan asrning 90-yillari oxiridagi ahvol takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik O‘zbekiston manfaatlariga mos keladi, deb hisoblaymiz», — deya ta’kidladi Abdulaziz Kamilov.

U O‘zbekiston ushbu masalaga nafaqat Afg‘onistonning yakkalanib qolishini bartaraf etish, shuningdek, mamlakatga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini faollashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda ham yondashayotganligiga e’tibor qaratdi.

«Biz bu mamlakat bilan chegarani ochdik va birinchi galda zarur bo‘lgan mahsulotlar — oziq-ovqat, neft mahsulotlari va elektr energiyasi yetkazib berishni qayta yo‘lga qo‘ydik. Shuningdek, rasmiy Toshkent Afg‘onistonning xorijiy banklarda muzlatib qo‘yilgan davlat aktivlarini qayta ochishni yoqlaydi hamda jahon hamjamiyatini Afg‘onistonda ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni davom ettirishga da’vat etmoqda», — dedi TIV rahbari.

Vazir Afg‘onistonga ijtimoiy-iqtisodiy ko‘maklashishni davom ettirish va rivojlanish loyihalarini amalga oshirish gumanitar inqirozning oldini olish, vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatning nizodan keyingi qayta tiklanishi uchun o‘ta muhim ekanini ta’kidladi. «Bunday vazifalarni hal qilmay turib, ushbu mamlakatda va qo‘shni mintaqalarda uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash amalda mumkin emas».

«O‘zbekistonda afg‘on yo‘nalishida qandaydir pinhona yoki mavhum ma’noli kun tartibi yo‘q. Bizning nuqtai nazarimiz aniq-ravshan, harakatlarimiz shaffof va amaliy mazmunga ega. O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afg‘on zamini mintaqa mamlakatlari va xalqaro xavfsizlik uchun bundan buyon tahdid solmasligi kerak. Barqaror, tinch va farovon Afg‘oniston ko‘pmillatli afg‘on xalqining hamda xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga javob beradi», — dedi Abdulaziz Kamilov.

Uning fikriga ko‘ra, Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mustahkamlanishi uchun to‘siq emas, balki ko‘prik bo‘lishi kerak. «Bunga xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bundan keyin ham ilgari surishni niyat qilayotgan transafg‘on transport-kommunikatsiya loyihalari ko‘maklashadi».

Abdulaziz Kamilov Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog‘liqligiga ham to‘xtalib, bu bo‘yicha ­O‘zbekiston tashabbuslarining amalga oshishi xavfsizlik ta’minlanishining o‘ta muhim muammolarini hal qilish va ikki mintaqa mamlakatlarining uzoq muddatli hamkorligi mexanizmlari qaror topishi uchun zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

«Shu ma’noda, Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus резол­юцияси qabul qilinishi bo‘yicha sheriklar bilan birgalikdagi ishlar davom etmoqda. Savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish masalalari hal etilmoqda», — dedi u.

«O‘zbekiston prezidenti tomonidan Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha taqdim etilgan dastur uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan. Afg‘onistonda ro‘y berayotgan hukumat almashinuvi ushbu mamlakat, mintaqa va jalb etilgan boshqa tomonlar oldiga saqlanib turgan muammolarni barqarorlashtirish va siyosiy hal etish nuqtai nazaridan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘ymoqda», — dedi Kamilov.

Eslatib o‘tamiz, 7 oktabr kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Kobulga tashrifi davomida Afg‘onistonning muvaqqat hukumati mamlakat «zaminidan O‘zbekistonga qandaydir tahdid yoki xavf chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi» bo‘yicha «kuchli va aniq kafolat» berganligini ma’lum qildi. Shuningdek, u o‘zbek tili va madaniyati «tolibon» hukumati davrida ham rivojlanishda davom etishini ta’kidladi. Kamilov yaqin orada Termizda ikkala davlatning ishchi guruhlari muzokaralari o‘tkazishini ham ma’lum qildi.