O‘zbekistonning amaldagi prezidenti, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev sirdiryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida Guliston shahrining eski dehqon bozori o‘rnidagi 42 gektar maydonda “Guliston siti” barpo etilishini taklif qildi. Bu haqda O‘zLiDeP axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, bu yerda 1 ming 700 xonadonli 16 qavatli turar-joylar, umumta’lim va biznes maktablari, 2 ta bolalar bog‘chasi, zamonaviy klinika, madaniyat markazi va mehmonxona quriladi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Sirdiryodagi ichimlik suvi haqida gapirdi.

“Kelgusi besh yilda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 82 foizdan — 90 foizga, kanalizatsiya qamrovi 14 foizdan — 40 foizga yetkaziladi. Buning uchun 1,8 trillion so‘m evaziga, 428 km ichimlik suv va 57 km kanalizatsiya tarmog‘i, 118 ta suv va 7 ta kanalizatsiya inshootlari barpo etiladi. Natijada, 60 ming nafar aholi ilk bor suv bilan ta’minlanadi, 106 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi”, — deydi prezident.

Qo‘shimcha qilinishicha, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida kelgusi besh yilda 110 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish, ijtimoiy obyektlar, ichki yo‘llar va infratuzilmani ta’mirlashga 1 trln so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi.

“Bundan tashqari, keyingi uch yilda viloyatdagi 17 ta qishloq infratuzilmasini yaxshilash va rivojlantirishga 10 mln dollar yo‘naltiriladi”, — deydi O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, viloyatda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida, kelgusi besh yilda 5 ming km past va yuqori kuchlanishli tarmoqlar, 1 ming 100 ta transformator yangidan quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Bu ishlar hisobiga 420 mingdan ortiq aholi yashaydigan maskanlar obod qilinadi.

Avvalroq, “Adolat” partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov shaharlarda “siti” qurishga ruju qo‘yilganligini tanqid qilgan edi. Partiya rahbari havodagi changga qarshi kurashishda foyda berishi mumkin bo‘lgan sun’iy ko‘llar respublikada birin-ketin yo‘q qilinayotganligini taassuf bilan qayd etgandi.