Ko‘ksaroy qarorgohida Toshkentga tashrif buyurgan Turmaniston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev Turmaniston davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov bilan tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

«Har bir uchrashuvimiz tarixiy ahamiyatga ega muhim voqeadir. Barcha erishilgan kelishuvlar hayotga tatbiq etildi va xalqlarimizga xizmat qilmoqda. Bugun sherikligimizning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qilish va uzoq muddatli istiqbolga yangi „o‘sish nuqtalarini“ belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Sizning tashrifingiz mintaqaviy va xalqaro maydonda hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi», — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Turkmaniston prezidenti mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajaga yetganini qayd etdi.

«O‘zbekiston — bizning yaqin qo‘shnimiz va strategik sherigimiz. Keyingi yillarda hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Bu siyosatda ham, savdo-iqtisodiy sohada ham, madaniy-gumanitar sohada ham o‘z aksini topmoqda. Mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Chunki maqsadlarimiz hamohang», — dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Uchrashuvda davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkmaniston ko‘p qirrali hamkorligida mavjud masalalarning butun doirasini muhokama qilib, konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Ikkala mamlakat o‘rtasida oxirgi to‘rt yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobarga ko‘payib, 400 million dollardan oshganligi e’tirof etildi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash yana 25 foizga ortganligi ta’kidlandi.

14 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 16-yig‘ilishi hamda 4 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumi natijalari o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Ikki mamlakatning, ayniqsa chegaradosh hududlari o‘rtasidagi hamkorlikning salohiyati ulkan ekani alohida ta’kidlandi. Turkmanistonning Lebap va Doshog‘uz viloyatlari rahbarlarining shu yil 22 sentabr kuni O‘zbekistonning Buxoro va Xorazm viloyatlariga do‘stlik tashriflari bunga misol. Prezidentlar bunday muntazam uchrashuvlar ikki mamlakat va xalq o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini aytishdi.

Shuningdek, tomonlar 13 sentabr kuni Toshkentda Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov mintaqa va xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashishdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish hamda joriy yil 6 avgust kuni Avazada o‘tkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani ta’kidlandi.