«Hududgazta’minot» korxonasi matbuot xizmati 3 oktabr kuni kechqurun Chilonzor tumanida yangi qurilayotgan yetti qavatli uyda sodir bo‘lgan gaz portlashi yuzasidan bayonot berdi.

Eslatib o‘tamiz, FVV ma’lumotlariga ko‘ra, portlashda hech kim jabrlanmagan, bir nechta kvartiraga zarar yetgan. Toshkent IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur fakt bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «B» bandi («Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv olib borilmoqda.

«Hududgazta’minot»dan xabar qilinishicha, uy qurilishi hali tugallanmagan va yangi bino foydalanishga topshirilmagan. Shu sababli gaz ta’minoti tashkiloti gazni ulashga ruxsat bermagan.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kvartira egasi xususiy tartibda uyni gazlashtirish bo‘yicha payvandlash ishlarini olib borish va gaz ta’minoti tizimiga ruxsatsiz ulash uchun payvandchini jalb qilgan», — deyiladi «Hududgazta’minot» xabarida.

Gaz ta’minoti korxonasi fuqarolarni gaz tarmoqlariga ruxsatsiz ulanmaslik, tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanish qoidalarini buzmaslik va yaqinlashib kelayotgan kuz-qish mavsumida gaz uskunalarini profilaktik tekshiruvdan o‘tkazishga chaqirdi.

Qurilmalarda nosozliklar va gaz sizishi aniqlanganda, 104 avariya-dispetcherlik xizmatiga yoki kecha-kunduz 1104 koll-markaziga xabar berish zarur.