O‘zbekiston prezidenti, O‘zLiDeP partiyasidan davlat rahbarligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Namangan va Farg‘ona viloyatlariga tashrif buyurgandan so‘ng Andijonga keldi. Chorshanba kuni u Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida saylovchilar bilan uchrashmoqda, deya xabar berdi partiya matbuot xizmati.

«5 yilda nimalarga erishdik, degan savol hammamizni o‘ylantiradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Men ham insonman, prezidentlik bir lavozim, maqsadim xalqimga, O‘zbekiston, Andijon xalqiga xizmat qilish. Men ham qishloq farzandiman, oddiy uylarni, chang ko‘chalarni umuman unutmayman. Umrimning 45 yili Toshkentda o‘tdi. Men yoshlarga qarata aytmoqchiman — hayot kurashlardan iborat», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

«Agar adolatli hakam bo‘lsa, biz 5 yilda nimalarga erishdik degan savol qo‘yilsa, erkin, qo‘rquvsiz yashashga deb javob beriladi», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Andijon viloyati haqida gapirganda u quyidagilarni aytib o‘tdi: «Andijon to‘g‘risida ko‘p gapirish mumkin, lekin eng lo‘nda gap shuki, O‘zbekistonning 1 foiz yerida 10 foiz aholisi yashaydi. Bunday yashash jasorat, qahramonlik. Andijonliklar bilan bamaslahat ularga kerakli sharoitni yaratib berish uchun kelganmiz».