Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga o‘zgartirish markazlardagi haydovchilarning navbatlari to‘g‘risida bayonot berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 5 mln 793 ming nafar haydovchilarning 3 mln 600 ming nafari haydovchilik guvohnomasini almashtirgan. Shundan 2 mln dan ortiq haydovchining guvohnomasi almashtirilmadi.

Davlat xizmatlari agentligi haydovchilarga yordam berish va haydovchilik guvohnomasini almashtirishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish uchun nima qilingani haqida ma’lumot berdi:

  • birinchidan, milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish uchun Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy va Sergeli tumanlari Davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilish imkoniyati yaratildi;
  • ikkinchidan, fuqarolar haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun ro‘yxatdagi Davlat xizmatlari markazlariga dam olish kunlari (shanba va yakshanba, bayram kunlaridan tashqari) soat 9:00 dan 15:00 gacha ham murojaat qilishlari uchun sharoit yaratildi;
  • uchinchidan, DXMlar orqali “prava” almashtirish uchun onlayn ariza yuborish imkoni berildi;
  • to‘rtinchidan, haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmatidan foydalanish uchun DXMlarga tashrif buyuruvchilar oqimi katta bo‘lganligi sababli, Toshkent shahridagi DXMlarda erta tong soat 7:00dan boshlab faqatgina haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Qolgan xizmatlar, odatdagi rejimda soat 9:00dan boshlab ko‘rsatiladi.

Avvalroq, Toshkent IIBB YHXB bo‘linmalarida avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risida guvohnoma berish ishlari qayta tiklangani haqida xabar berilgan edi. Texpasportlarni almashtirish bo‘yicha murojaatlar sonining ortib ketgani ularni berishda muammolarni keltirib chiqargani aytilgan.

O‘zbekistonda 1 oktabrdan plastik shakldagi haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositalarining ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalar joriy etildi. 2020 yil may oyida eski namunadagi hujjatlarni yangilariga almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish mumkinligi haqida qo‘llanmani e’lon qilgan edi.