O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 27 sentabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash)ning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari va Turkiy Kengash kotibiyati Afg‘oniston yo‘nalishida birgalikda qo‘shma harakatlar jihatlarini muhokama qildi. Shuningdek, keng vakillik asosida Afg‘oniston hukumatini tuzish zarurligi, inson huquqlariga, jumladan, ayollar va milliy ozchilik huquqlariga rioya qilinishi masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida Afg‘oniston masalasiga taalluqli asosiy masalalar bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasiga to‘xtalib o‘tdi.

«O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg‘oniston zamini endi mintaqa davlatlari va umuman xalqaro hamjamiyat uchun xavf tug‘dirmasligi kerak», — deya ta’kidladi Abdulaziz Kamilov.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri dunyo davlatlari uchun ustuvor vazifa Afg‘onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yanada faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidladi.

Mojarodan keyingi Afg‘oniston strategiyasini ishlab chiqish muhimligi, shuningdek, mamlakatga zarur insonparvarlik yordam ko‘rsatilishi davom ettirilishi alohida qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida Turkiy Kengashga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston bo‘yicha Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin O‘zbekiston Afg‘onistonda muvaqqat hukumat tuzilganini olqishlagani xabar berilgandi.