O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda saylovchilar bilan uchrashuvda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bo‘lgan vaqtlarda (1992−1996) uni ishdan olib tashlashga urinish bo‘lganini so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa Eron prezidentining Toshkentga tashrifi arafasida sodir bo‘lgan. 1993 yilning oktabrida Ali Akbar Xoshimiy Rafsanjaniy rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi.

«Menga topshiriq bo‘ldi. Unda tumanning yosh hokimiman. O‘sha paytda Islom Abdug‘aniyevich aytdilarki, [Eron prezidentini] olib boramiz, haykalning poyiga gulchambar qo‘yilishi kerak. Men nima uchun bu gaplarni sizlarga aytayapman? Meni Toshkentdan yo‘q qilishga juda ko‘p odamlar urinishgan. Qishloqdan kelgan, qachon ketadi, deb juda katta kurash bo‘lgan», — dedi u.

Ertalab ikki prezident kelib, Mirzo Ulug‘bek haykali poyiga gulchambar qo‘yishi kerak, deya eslaydi prezident.

«6:50 da qabulxonamdan menga telefon bo‘lyapti: „Shavkat Miromonovich, Ulug‘bekning boshini kesib ketishibdi!“ Men so‘rayman: „Qanaqa bosh? Qanaqa Ulug‘bek?“. Javobda: „Haykalning boshini olib tashlashibdi!“ Ya’ni shunday tayinlanganki, soat o‘ntakam o‘nda kortej keladi, prezident keladi Eron prezidenti bilan. Haykalning kallasi bo‘lmaydi. Shu bilan Mirziyoyevning ham kallasi ketadi. Xullaskalom, 7:20 da yetib bordim. Soat o‘nda ikkita prezident kelishi kerak. Haykalning kallasi yo‘q. U haykam gipsdan bo‘lgan-da. Har bitta haykal oldi bir-ikki yil gipsda turadi», — deydi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bu ishni kim qilganini sezgan. «Buni kichkina odam qilmaydi, nimagaki, u haykal prezident kelishidan bir kun oldin qo‘riqlashga olinadi. Uni alohida tashkilotlarning o‘zi Mirziyoyevni yo‘q qilaman deb haykalning kallasini olib tashlagan», — deb hisoblaydi davlat rahbari.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda «Toshkent oqshomi» gazetasida bezorilar jarrohlik markazi yaqinidagi Ibn Sino haykalining ostini kovlab, o‘zlariga boshpana qilib olgani haqidagi xabarni o‘qigani esiga tushib qoladi.

«Shunday esimga tushdi. Demak, shu haykal hamma narsani hal qilishi kerak. Bu gap Mirziyoyevni ishdan olib tashlashi to‘g‘ri, lekin davlat sharmanda bo‘ladi. Prezident olib kelsa… Kallasiz haykalga gulchambar qo‘ymaydiku. Keyin esimga tushdiki, shu haykal gipsdan bo‘lsa kerak, dedim. Bir andijonlik muovinim bor edi. O‘shaning mashinasi ruliga o‘zim o‘tirdim-da, uyingda arra bormi, deb so‘radim. „Bor“, dedi. Ikki-uchta arrangni ol, dedim. O‘zi yo‘lda, Chilonzorda turardi. O‘zim rulda o‘tirib bordim-da, ertalab hamma uxlab yotgan vaqtda biz ham Ibn Sino haykalining boshini kesib, olib keldim», — deya hikoya qilib berdi.

Shavkat Mirziyoyev MXXning birinchi muovini 9:10 da 100 foiz uni ishdan olishga kelganini esladi.

«Shahar hokimi tushdi-da: „Ey, sen… qani Ulug‘bekning kallasi?“ — deb so‘raydi. Menga qarab gapiryati-da, haykalga qaramaydi. „Bosh qani“, — deydi. Shunday qarasa haykal turibdi. Haykal ham turibdi, kalla ham turibdi» — deb eslaydi davlat rahbari.

Prezident yoshlarga murojaat qilib, bu kunlarga kelish oson bo‘lmasligi, buning uchun kurashish kerakligini ta’kidladi.