O‘zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global inqiroz fonida mamlakatda ishlab chiqarish keskin qisqarishining oldini olish maqsadida fiskal (budjet-soliq) siyosatdan asosiy vosita sifatida foydalandi. Bu haqda moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov sentabr oyi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berdi.
budjet-soliq siyosati (fiskal siyosat) — bu davlatning iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatish maqsadida soliqlar va davlat xarajatlarini tartibga solishga qaratilgan hatti-harakati.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2019 yilda davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlari YAIMga nisbatan 27% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 30−31% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
«Agar biz budjet-soliq siyosatidan [iqtisodiyotni rag‘batlantirishda] instrument sifatida foydalanmaganimizda va ishlab chiqarishga investitsiya xarajatlarini oshirmaganimizda, 2020 yilda YAIMning pasayishining oldini ololmagan bo‘lardik» — deya qayd etdi u.
Ahadbek Haydarov O‘zbekiston 2020 yilda YAIMning ijobiy o‘sishiga erishgan sanoqli davlatlar qatorida bo‘lganligini eslatib o‘tdi (1,6%). Shuningdek, 2021 yilda YAIM qariyb 7% ga o‘sishi kutilayotganligini ma’lum qildi.
Manba: lex.uz
Shu o‘rinda Ahadbek Haydarov kelgusi besh yillikdagi vazifalarga to‘xtaldi.
«Endi asosiy maqsadimiz — davlat budjeti xarajatlarini inqirozgacha bo‘lgan davrdagi darajaga — ya’ni maksimum 27% ga tushirish. Bu, o‘z navbatida, budjet taqchilligini kamaytirish imkonini beradi» — deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi yildan budjet taqchilligini (budjet xarajatlarining daromadidan oshib ketishi) bosqichma-bosqich kamaytirib borish ko‘zda tutilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusi ikki yilda budjet taqchilligi 2,5−2,6% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Keyinchalik mazkur ko‘rsatkichni 2% chegarasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, davlat budjeti xarajatlari va budjet taqchilligini kamaytirish inflyatsiya darajasini 2023 yilga kelib rejalashtirilgan 5% ga tushirish imkonini beradi.
Ahadbek Haydarov hukumat tomonidan davlat qarziga YAIMga nisbatan 60% darajasida chegara qo‘yilganligi, lekin asl maqsad — ushbu ko‘rsatkichni 45−50% dan oshirmaslik ekanligini ma’lum qildi.
«60% lik chegara davlat qarzi YAIMga nisbatan 60% ga yetadi degani emas. Makroiqtisodiy barqarorlik davrida davlat qarzini 45−50% chegarasida ushlab turish kerak bo‘ladi. Lekin inqiroz sharoitida, aytaylik, YAIM qisqarishi yoki budjet taqchilligi o‘sganida davlat qarzi ma’lum darajagacha ko‘tarilishi mumkin, lekin [YAIMga nisbatan] 60% dan oshmaydi. Iqtisodiy faollik qayta tiklanganidan keyin esa ko‘rsatkich yana 45−50% lik chegaraga qaytadi», — deya izoh berdi u.
2021 yilning ikkinchi choragida davlat qarzi 1 mlrd dollarga — 24,2 mlrd dollargacha o‘sdi va, o‘z navbatida, YAIMga nisbatan 38,5% ni tashkil etdi.
«Biz yil oxirigacha ko‘rsatkichni shu darajada saqlab qolish choralarini ko‘ramiz. Kelgusi besh yilda davlat tashqi qarzini YAIMga nisbatan 45−50% dan oshirmaslikni rejalashtiryapmiz», — deya qayd etdi Ahadbek Haydarov.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Moliya vaziri o‘rinbosari, avvalroq, QQSni 12 foiz, foyda solig‘ini 15 foizga tushirish budjet daromadlari shakllanishida katta yo‘qotishlarga olib kelmasligini ma’lum qilgan edi. U kamaygan soliq tushumlarining o‘rnini qoplash bo‘yicha istiqboldagi rejalarni ham aytib o‘tgan.