O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov 14 sentabr kuni vazirlik tarkibiga kiruvchi Toshkent davlat yuridik universitetining bir guruh professor va o‘qituvchilari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

U o‘z nutqida bugungi kunda ilmiy ishlarning amaliyot va bugungi kun talablari bilan yetarlicha bog‘liq emasligini tanqid ostiga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sohada yaratilayogan ilmiy-tadqiqot ishlari siyosiy-ijtimoiy hayotdan uzilib, tobora nazariylashib va yengillashib bormoqda.

Ruslanbek Davletov mamlakat aholisi yillar davomida to‘qnash kelgan ko‘chmas mulklarning buzilishi fuqarolarning hukumatga ishonchiga ta’sir ko‘rsatganini tilga oldi.

«Snos masalasi xalqning davlat organlariga ishonchi va imijiga ta’sir qilmadi deya olamizmi? Odamlar bir-birini yoqish orqali muammoni hal qilishi — bu sivilizatsiyaning ortga ketishi edi. Buni nega o‘rganmaysizlar? Nega yuridik universitet domlalari bu boradagi huquqiy munosabatlarni o‘rganmaydi? Birovlarning mulkini olib qo‘yish tartibi, mexanizmlari va cheklovlar masalasini ilmiy o‘rgansa bo‘ladi-ku», — deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltiradi uning davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova.

Adliya vaziri xalqning davlat organlariga ishonchi naqadar muhimligi vaksinatsiya jarayonida ko‘zga tashlanganini ta’kidladi. «Qayerda, qaysi mamlakatda davlatga xalqning ishonchi yuqori bo‘lsa, vaksinatsiya darajasi shuncha yuqori bo‘lyapti — bular o‘zaro to‘g‘ri proporsional», — dedi u.

«Bizda vaksinatsiya juda yaxshi ketyapti deb ayta olmaymiz, chunki odamlarda ishonchsizlik hamon mavjud (Boshqa davlatlardagidek bir xil vaksinalar keltirilayotgan bo‘lsada). Buning sabablari ham qonuniylik va huquqiylikning ta’minlanganiga bog‘liq. O‘rganish, tadqiqotlar bormi bu haqida?» — degan savolni o‘rtaga tashladi vazir.

Taqiqlar va ishonchsizlik

Rossiya iqtisodiyot maktabi (RIM) rektori Ruben Yenikolopov va RIM professori Dara Dzyabura Forbes uchun yozgan maqolasida hukumatga bo‘lgan ishonch darajasi va choralarning qat’iyligi o‘rtasida to‘g‘ridan -to‘g‘ri bog‘liqlik borligini ta’kidladilar: ishonch qanchalik yuqori bo‘lsa, odamlarni emlash zarurligiga ishontirish shuncha oson. Aksincha, qayerda ishonch past bo‘lsa, shuncha qattiq choralar ko‘rish kerak. Bu, masalan, 2018−2019 yillarda Ebola epidemiyasi paytida Kongoda kuzatilgan.

Orxuss universiteti (Daniya) siyosatshunoslik professori Gert Tingaard ham bu aloqaga ishora qiladi. U Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib koronavirus bilan bog‘liq barcha cheklovlarni bekor qilgan Daniya muvaffaqiyatini daniyaliklarning yuqori ijtimoiy mas’uliyati va ularning hukumatga ishonchi bilan izohladi. «Agar boshqa odamlarga yoki hokimiyatga bo‘lgan ishonch darajasi past bo‘lsa, koronavirusning oldini olish uchun yanada keskin choralar ko‘rish kerak», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, emlash darajasi pastligi ortidan prezident 3 avgust kuni aholining ayrim toifalarini majburiy emlashga ruxsat beruvchi va ish beruvchilarga profilaktik emlashdan bosh tortgan taqdirda ish beruvchini ishdan vaqtincha chetlatish huquqini bergan qonunni imzoladi.

O‘zbekiston hukumati 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirmoqda. 14 sentabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 17,4 milliondan ortiq vaksina dozalari ishlatilgan. Birinchi dozani 10,14 million, ikkinchisini — 5,43 million, uchinchisini — 1,85 million kishi olgan. 3.34 milliondan ortiq kishi emlashning to‘liq kursini tugatdi (18 yoshdan oshgan aholining qariyb 15,6 foizi va umumiy aholining 9,5 foizi). Qozog‘istonda 6 milliondan ortiq odam (aholining 31,7 foizi) to‘liq emlash kursidan o‘tdi, Mo‘g‘ulistonda — 2,1 milliondan ortiq (63,3%), Gruziyada — 619 ming (15,5%) emlab bo‘lingan.