«Gazeta.uz» Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda saylov kampaniyasi jarayonlarini muntazam yoritib borish maqsadida maxsus loyihaga qo‘l urganidan xabaringiz bor.

Bu safar MSK doimiy a’zosi Bahodir Yunusov «Gazeta.uz» muxbirining qay hollarda nomzod maqomidan mahrum etilishi, saylovoldi tashviqotida nimalarga ruxsat berilishi, g‘ayriqonuniy yo‘l bilan targ‘ibot qilgan nomzodga qanday jazo chorasi qo‘llanishi mumkinligi, qolaversa, saylovchining nomidan boshqa birov ovoz bergan yoki bermagani qanday aniqlanishi borasidagi savollariga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi hozirga qadar Alisher Qodirov, Narzulla Oblomuradov, Maqsuda Vorisova, Bahrom Abduhalimov va Shavkat Mirziyoyevni prezidentlikka nomzodlar sifatida ro‘yxatga olib bo‘ldi. 20 sentabrdan e’tiboran saylovoldi tashviqotiga ruxsat beriladi.

Bahodir Yunusov.

O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarga qanday choralar ko‘rish taqiqlanadi?

Saylov kodeksining 41-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar O‘zbekiston bosh prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki ularga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin emas. Bunday rozilik berilgan taqdirda, bosh prokuror Markaziy saylov komissiyasini bu haqda darhol xabardor etadi.

Prezidentlikka nomzodlarni majburiy keltirishga, xuddi shuningdek ularning shaxsiy buyumlarini, yukini, transportini, turar joyi va xizmat xonalarini ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qanday hollarda nomzod maqomidan mahrum etilishi mumkin?

Saylov kodeksining 42-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan o‘n besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs tegishli saylov komissiyasi tomonidan nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar tegishli saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritishi mumkin.

Siyosiy partiya faoliyatining tugatilganligi nomzodni shu partiyadan saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etadi.

Bundan tashqari, nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

Nomzod saylovga qadar vafot etgan, saylov huquqidan mahrum bo‘lgan yoxud nomzodlikdan chaqirib olingan taqdirda, nashr etilgan saylov byulletenlaridan ushbu nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilgan satr o‘chiriladi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonida bunday nomzodni yoqlab berilgan ovozlar uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovozlarni sanab chiqish chog‘ida haqiqiy emas deb topiladi.

Saylovda tashviqotning qanday turlariga ruxsat berilgan va qaysilari taqiqlangan? Misol uchun partiyaning a’zolari, jumladan, tadbirkorlar yordamida moddiy yoki boshqa manfaatdorlik yo‘li bilan saylovchilarni o‘ziga og‘dirib olish mumkinmi?

Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat. Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida tugaydi. Nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borish borasida teng huquqlarga ega. Nomzod O‘zbekiston prezidenti etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin.

Saylovoldi tashviqoti: nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish; nomzod to‘g‘risida axborot tarqatib, uni yoqlab ovoz berishga chaqirish shaklida olib boriladi.

Saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot anjumanlari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, OAVlarda chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

Saylovoldi tashviqoti:

  • OAV, shu jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari,shu jumladan butunjahon Internet axborot tarmog‘i orqali;
  • bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini, ya’ni plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni chop etish hamda tarqatish orqali;
  • saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Saylovoldi tashviqoti davrida uni olib borishning Saylov kodeksi va ushbu Nizomda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.

Nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullarini mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar. Saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish — axborot xizmatlaridan tashqari, shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylovoldi tashviqoti davomida moddiy yoki boshqa manffaatdorlik asosida saylovchilarni o‘ziga og‘dirib olish ta’qiqlanadi.

Qaysi hollarda nomzodlar saylovdan chetlashtiriladi? Saylov kampaniyasi davomida qonunchilikni buzgan nomzodlarga qanday chora ko‘riladi?

Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan o‘n besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs tegishli saylov komissiyasi tomonidan nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya faoliyatining tugatilganligi nomzodni shu partiyadan saylovda ishtirok etish huquqidan mahrum etadi.

Nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Buning uchun u tegishli saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

Nomzod saylovga qadar vafot etgan, saylov huquqidan mahrum bo‘lgan yoxud nomzodlikdan chaqirib olingan taqdirda nashr etilgan saylov byulletenlaridan ushbu nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi yozilgan satr o‘chiriladi. Agarda nomzod saylovoldi tashviqotini, tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzsa, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Saylov kunidan so‘ng nomzodga berilgan ovozlar g‘ayriqonuniy yo‘llar bilan to‘plangani aniqlansa, qanday chora ko‘riladi? Unga tegishli ovozlar boshqalarga teng taqsimlab beriladimi yoki yo‘qqa chiqariladimi?

Saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha, O‘zbekiston prezidenti saylovi uchun — okruglar bo‘yicha ham, saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shunday uchastkalar, okruglar bo‘yicha ovoz berish natijalari, agar bu natijalarsiz ham saylov umuman bo‘lib o‘tgan deb topilishi mumkin bo‘lsa, tegishli komissiyaning qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.

Tegishli saylov komissiyasi ovoz berish yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.

Bir nomzodning boshqa bir nomzodga xayrixohligi bilvosita yoki bevosita aniqlangan taqdirda u saylovdan chetlatiladimi?

Nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatiladi. Ro‘yxatga olingan barcha nomzodlar teng huquqlarga ega bo‘ladi. Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini bekor qilish huquqiga ega.

Nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Binobarin nomzodning boshqa nomzodga xayrixohligi sababli uni nomzodlikdan maxrum qilish masalasi siyosiy partiyaning vakolatiga kiradi.

Deylik, men konstitutsion huquqimdan foydalangan holda hech kimga ovoz bermaslikka qaror qildim. Mening o‘rnimga boshqalar g‘ayriqonuniy yo‘l bilan ovoz bergan yoki yo‘qligini qanday aniqlasam bo‘ladi?

Saylovchi saylov kuni ovoz berishda ishtirok etib, saylov byulletenidagi bironta nomzod ro‘parasidagi bo‘sh katakka tegishli belgini qo‘ymasdan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlasa, ovoz berish natijalarini hisoblash davomida bunday saylov byulleteni haqiqiy emas deb topiladi.

Har bir saylovchi bir ovozga ega. Bir saylovchini o‘rniga boshqa saylovchining ovoz berishi mumkin emas, ya’ni saylovchilar ro‘yxatiga saylovchi imzo qo‘yib, saylov byulletenini olganidan so‘ng boshqa saylovchining bu ro‘yxatning ushbu satriga imzo qo‘yishi noqonuniy hisoblanadi.

Basharti shu haqda murojaat bo‘lgan taqdirda ushbu Saylovchilar ro‘yxatidagi familiyangiz ro‘parasiga boshqa shaxs imzo qo‘ygan yoki qo‘ymaganligi orqali aniqlash mumkin.

«Gazeta.uz» muxbiri Abdullo Yodgorov suhbatlashdi.