Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev «Amirsoy» kurort zonasida 700 tup daraxtlar kesilishi haqida munosabat bildirdi.

«Ba’zan tushunmay daraxt kesib qo‘yibdi, degan baxonalarni eshitib qolamiz. Balki rostanam daraxt kesish mumkinmasligini bilmagandir, deyish mumkin. Lekin hamma narsadan xabari bor, nufuzli tashkilotdagilarning ham qonunlarga tupurib qo‘yganini qanday tushunish mumkin?!», — deydi deputat.


«Ko‘pchiligimiz eshitgan Bo‘stonliq tumanidagi „Amirsoy“ kurort zonasi ma’muriyatining yaqinda naqd 700 tup atrofidagi qimmatbaxo daraxtlarni kesib tashlaganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Shuncha gapdan keyin ham har xil baxonalar bilan daraxtkesarlik davom etmoqda. Buncha katta „dux“ qayerdan paydo bo‘ldi?», — deb yozadi deputat.

Deputat mazkur holat bo‘yicha Ekologiya qo‘mitasi tomonidan prokuraturaga taqdim etilgan materiallar «imi-jimida yopilib ketmasligi kerak"ligini ta’kidladi. «Gap ortga qaytarib bo‘lmaydigan 700 tup daraxt va salkam 400 million so‘mlik tabiatga yetkazilgan zarar haqida ketmoqda», — qayd etdi u.


«O‘zi kurort ma’muriyati odamlar tog‘ning daraxtzor tabiatida dam olish uchun ham kurortlarga borishini bilarmikan. Mas’ullardan izox kutamiz», — qo‘shimcha qildi deputat.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyining oxirida prezident topshirig‘iga bilan daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytiriladi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi haqida xabar berilgan edi. Senyatrb oyi avvalida Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishi haqida ma’lum qilgan.