Germaniya Afg‘onistondan evakuatsiya qilish missiyasini yakunladi, deb yozmoqda Deutsche Welle. Mudofaa vazirligining (bundesver) so‘nggi to‘rtta samolyoti Germaniya va boshqa davlatlar fuqarolari bilan 26 avgust kuni Kobuldan Toshkentga uchib ketdi.

«Bundesver (Germaniya Federativ Respublikasi armiyasi)ning oxirgi A400M samolyoti Afg‘oniston havo maydonini tark etdi, u Kobuldan 18:20 da uchdi. Harbiy evakuatsiya operatsiyasi yakunlandi», — deyiladi bundesverning Twitter`dagi xabarida.

Mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer va bundesver bosh inspektori Eberxard Sorn evakuatsiyada qatnashgan bundesver askarlari bilan uchrashish uchun Toshkentga kelishdi.

Foto: Twitter Annegret Kramp-Karrenbauer.

Annegret Kramp-Karrenbauer ham Twitter`dagi o‘z sahifasida ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi. «Men juda keskin vaziyatda ishonchli sherik bo‘lgan O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildiraman. Biz buni unutmaymiz!», — deb yozadi vazir.

Hammasi bo‘lib, Germaniya qurolli kuchlari Afg‘onistondan 5300 dan ortiq odamni, shu jumladan kamida 45 mamlakat fuqarolarini evakuatsiya qilib, 37 ta reysni yakunladi.

«Biz himoyaga muhtoj bo‘lganlarga g‘amxo‘rlik qilishni davom ettiramiz. Xavfsizlik holati tufayli operatsiyani uzaytirish imkonsiz edi», — deb tushuntirdi Mudofaa vazirligi.

Kuni kecha Kobul aeroporti yaqinida ikkita portlash sodir bo‘ldi,ulardan biri — Baron mehmonxonasi yaqinida, OAV xabarlariga ko‘ra, chet elliklar, shu jumladan Britaniya va AQSh fuqarolari yig‘ilganida sodir bo‘lgan. Portlashlarda 90 nafardan ortiq afg‘on fuqarosi va 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. «ISHID» terrorchilik tashkiloti Kobul aeroportidagi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Jo Bayden Kobuldagi portlashlardan keyin ISHIDga qarshi hujumlarni tayyorlashni buyurdi.