Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan ekologiya muammolariga bag‘ishlangan videoselektorda Zomin tog‘larida ro‘y bergan o‘rmon yong‘inlari bo‘yicha ham to‘xtaldi.

“Ekologiya bizning hayot-mamotimiz. Har bir viloyat hokimi shaxsan kelib, bosh vazirga kelib taqdimot qiladi. Men o‘zim qishloqqa borib qattiq o‘yga tolaman, Zominda yong‘in bo‘ldi, bir boyvachchaning o‘g‘li shu ishni qilibdi. Hozir prokuratura shug‘ullanyapti, chorasini ko‘ramiz”, deya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi Kun.uz.

Davlat rahbari, shuningdek, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ahvol ham yaxshi emasligi, hammayoq chang-to‘zonligi haqida gapirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu masala bevosita bosh vazirga topshirilgan.

Avvalroq, hukumat qarori bilan Chorvoq suv ombori atrofidagi va unga tutash hududlarda, o‘rmon bilan qoplangan va o‘rmon barpo qilish mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jalik yerlari chorvachilikka taqiq qo‘yilgan holda o‘rmon fondiga o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida Zomin tumanidagi “Duoba” QFY O‘riklisoy qishlog‘i dala maydonida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘inni o‘chirishga 4 ta vertolyot, FVVning 370 dan ortiq xodimlari bilan birga Milliy gvardiya, IIB, Davlat ekologiya qo‘mitasidan ham kuch va vositalari jalb qilingandi.

Mudofaa vazirligining vertolyotlari tomonidan Zomindagi o‘rmon yong‘inini o‘chirayotganda havodan olovga 30 tonnadan ziyod suv tashlangan edi.