Forbes nashri Braun universiteti ma’lumotlari asosida Afg‘onistonda olib borilgan harbiy harakatlarga oid ayrim hisob-kitoblarni e’lon qildi.

Braun universitetining Harbiy xarajatlar loyihasi AQShning Afg‘onistondagi urushga yo‘naltirgan xarajatlarini 2,26 trln dollarga baholagan. Bu o‘tgan 20 yilning har bir kuni uchun o‘rtacha 300 mln dollar degani. Bu mablag‘ 40 million kishilik Afg‘oniston aholisining har biriga 50 ming dollardan to‘g‘ri keladi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri urush xarajatlari 800 mlrd dollardan ko‘proq. AQSh soliq to‘lovchilari afg‘on askarlariga yiliga 750 mln dollardan maosh to‘lab kelganlar. Bundan tashqari, urush veteranlari haqida g‘amxo‘rlik qilish xarajatlariga qariyb 300 mlrd dollar ketgan (bu summaga AQSh hukumati Afg‘onistondagi urush veteranlarining umri oxirigacha sarflaydigan g‘amxo‘rlik mablag‘lari kirmagan).

Aljazeera nashrining yozishicha, 144 mlrd dollar Afg‘onistonda qayta qurish ishlari, jumladan, xavfsizlik xizmatini shakllantirish, davlat boshqaruvini takomillashtirish, iqtisodiy ko‘mak, ijtimoiy taraqqiyot va noqonuniy giyohvandlik moddalariga qarshi kurashish dasturlari va loyihalariga yo‘naltirilgan. Shu jumladan, 88,3 mlrd dollar Afg‘on armiyasini o‘qitish va harbiy texnika bilan ta’minlash uchun sarflangan.

«Bir so‘z bilan aytganda, AQSh 20 yil mobaynida Tolibonni tiyib turish uchun Jeff Bezos, Ilon Mask, Bill Geyts va Amerikaning boshqa 30 nafar eng yirik milliarderlari jami boyliklaridan ham ko‘proq mablag‘ sarflagan», — deb yozadi Forbes.

Bu hali hammasi emas. AQShning Afg‘onistondan chiqishi tugagandan so‘ng ham xarajatlar davom etadi.

Associated Press aniqlik kiritishicha, AQSh Koreya va Vetnam urushlaridan farqli o‘laroq, Afg‘onistondagi urush harakatlarini qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirgan. Afg‘oniston, shuningdek, Iroqda olib borilgan harbiy harakatlar uchun AQSh jami 2 trln dollar qarz mablag‘larini jalb qilgan. 2050 yilgacha bo‘lgan muddatda olingan qarzlar foizlari 6,5 trln dollarni tashkil etishi bashorat qilindi. Bu har bir AQSh fuqarosi uchun 20 ming dollardan to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, moliyaviy hisob-kitob qilib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar ham bor.

Afg‘onistonda qariyb 2500 amerikalik harbiy va 4000 ga yaqin amerikalik pudratchilar halok bo‘lganligi aytilgan. Bundan tashqari, taxminan 69 ming afg‘on harbiylari, 47 ming tinch aholi va 51 ming muxolifat jangchilar qurbon bo‘lgan. Hozirgi kungacha AQShning 20 ming nafar qurbonlari uchun g‘amxo‘rlik qilish xarajatlari 300 mlrd dollarni tashkil etgan, bu xarajatlarga yana 500 mlrd dollar sarflanishi kutilmoqda.

Afg‘onistondagi urushda halok bo‘lgan odamlar soni

AQSh harbiy xizmatchilari
2442 nafar
AQSh mudofaa vazirligida ishlovchi oddiy fuqarolar
6 nafar
AQSh pudratchilari
3846 nafar
Afg‘on harbiylari va politsiyachilari
66 000 — 69 000 nafar atrofida
Boshqa ittifoqchilar xizmat vakillari, jumladan, NATOga a’zo davlatlar vakillari
1144 nafar
Afg‘on fuqarolari
47 245 nafar
Tolibon va boshqa muxolifat kuchlar jangarilari
51 191 nafar
Yordamchi kuchlar
444 nafar
Jurnalistlar
72 nafar
Jami
171 000 — 174 000 nafar atrofida

Ma’lumot uchun, 2001 yilning 11 sentyabrida Afg‘onistonda turib faoliyat olib borgan «Al Qoida» tomonidan Nyu Yorkda amalga oshirilgan teraktdan so‘ng AQSh dunyo bo‘ylab terrorizmga qarshi urush ochgan edi. 2001 yil 18 sentyabrda Kongress teraktni uyushtirganlikda ayblanuvchilarni ta’qib qilishga ruxsat bergach, Afg‘onistonda AQSh va xalqaro koalitsiya qo‘shinlari joylashtirildi va «Tolibon» hokimiyati ag‘darildi. So‘nggi 20 yil davomida AQSh Afg‘onistonda «Tolibon»ga qarshi kurashish va boshqa terroristik faoliyatlarning oldini olish maqsadida harbiy harakatlarni olib bordi.

2021 yilning 8 iyulida AQSh prezidenti Jo Bayden «Al Qoida» rahbari yo‘q qilinishi munosabati bilan AQShning Afg‘onistondagi missiyasi tugaganligi, 31 avgustgacha AQSh o‘z qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini ma’lum qildi. Jo Bayden eng zamonaviy harbiy texnikalar bilan qurollangan 300 ming kishilik afg‘on armiyasiga ishonch билдирgaниga qaramay, afg‘on hukumati va harbiylari mamlakatni deyarli jangsiz «Tolibon» qo‘liga topshirdi.