Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 11 avgust kuni «Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishning 2021 yilda amalga oshiriladigan ustuvor rejalari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

E-Qaror portaliga joylashtirilgan hujjatda qayd etilishicha, qaror «Toshkent shahar yo‘lovchi transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini hamda jamoat transporti jozibadorligini oshirish va tubdan yaxshilash, shahar aholisi va Toshkent shahriga tashrif buyuruvchi mehmonlarga qulayliklar yaratish maqsadida» qabul qilindi.

Qarorda Qurilish bosh boshqarmasi, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, IIBB YHXB transport boshqarmasiga uch oy muddatda «Oqtepa maydoni — Bog‘ibo‘ston ko‘chasi» yo‘nalishidagi umumiy uzunligi 3,38 km bo‘lgan avtobus va yo‘nalishli taksilar uchun alohida harakatlanish bo‘lagini joriy etish topshirildi.

Xarita bo‘yicha yuqorida ko‘rsatilgan qism 2016 yilgacha tramvay qatnagan uchastkaga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha (Oqtepa maydonidan Shota Rustaveli ko‘chasigacha) alohida bo‘lakni jamoat transporti harakati uchun ochishni yanvar oyida shahar Transport boshqarmasi va «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi taklif qilgan edi. O‘shanda jami 10 ta ko‘chada polosalarni ajratish taklif etilgan edi.

2018 yilda «Gazeta.uz» rossiyalik taniqli urbanist Arkadiy Gershmanning Muqimiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish taklifini e’lon qilgan edi.

Shu yilning noyabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yettita BRT (bus rapid transit — boshqa transportlardan to‘liq ozod qilingan tezkor avtobus yo‘nalishi) yo‘nalishlarini ishga tushirish rejasi taqdimoti o‘tkazilgan edi. Ularning to‘rttasi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida, ya’ni joriy yil sentyabrigacha ochilishi kerak edi. Mazkur rejalarning qaysi bosqichda ekani noma’lum.

Hokim qarorida xalq deputatlari shahar kengashiga avtobus oraliq bekatlarining namunaviy dizaynini ishlab chiqish, jamoat transporti alohida harakatlanishi uchun ajratilayotgan yo‘l bo‘lagida boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanishini tartibga solish mexanizmlari aks ettirilgan hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirilgan.

Hujjat asosida avtobus oraliq bekatlarida amaldagi qonunchilikka asosan onlayn auksion orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga muddatli foydalanish huquqi asosida ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizom ishlab chiqiladi.

2020 yil oxirida Transport boshqarmasi rahbari Anvar Jo‘rayev Toshkentdagi barcha avtobus bekatlarini yagona konsepsiya asosida yangilash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi. Unda harakat jadvali aks etgan tablo va boshqa qulayliklar (Wi-Fi, mobil qurilmalarni quvvatlash stansiyasi, bankomatlar, kameralar, chiqindi idishlari) bo‘lishi aytilgan edi.

Loyihada bekatlardagi do‘konlar ko‘zda tutilmagan. Shu bilan birga, tadbirkorlarga LED-ekranlarda mahsulot va xizmatlarni reklama qilish imkoniyati berilishi kutilgan edi. Shahardagi ayrim bekatlarga ekranlar o‘rnatildi, biroq yo‘lovchilar ularning yorqinligidan shikoyat qilmoqdalar.

Hokim qarorida, shuningdek, Transport boshqarmasi, Moliya bosh boshqarmasiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda yangi yo‘l o‘tkazgichlar barpo etish, kesishmalarni rekonstruksiya qilib, ularning o‘tkazuvchanligini oshirish, yangi yo‘l qurish va moliyalashtirish bo‘yicha 2021 yil IV chorak va 2022 yil davomida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli doimiy komissiyalariga takliflar kiritish topshirilgan.

Fevral oyida transport harakatini tashkil etish ko‘zda tutilgan Toshkent ko‘chalari va chorrahalari ro‘yxati e’lon qilingan, mazkur loyihalar prezidentga taqdim etilgan edi.