Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan so‘ng, prezident saylovi logotipiga o‘zgartish kiritilganini ma’lum qildi.

23 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi. Shuningdek, 28 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida saylov logotipining taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur taqdimotdan so‘ng logotip, uning ranglari, tuzilishi, dizayni va logotipning lotincha yozuvidagi versiyasidagi imloviy xato ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining baxs-munozarasiga sabab bo‘ldi.

Dastlab e’lon qilingan logotip.

Qayd etilishicha, ushbu muhokamalarda bildirilgan takliflar Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi tomonidan soha mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida logotipga ayrim imloviy tuzatishlar kiritilgan.

Shuningdek, ushbu logotipni yaratish jarayonida mablag‘ sarf etilmaganligi ma’lum qilindi.

«Markaziy saylov komissiyasi mamlakatimiz jamoatchiligi saylov jarayonlariga befarq emasligini e’tirof etadi va o‘z minnatdorligini bildiradi. Kelgusida ham Markaziy saylov komissiyasining faoliyati borasida bildirilgan har qanday xolis fikr-mulohaza e’tiborsiz qolmaydi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev prezident saylovining logotipini tayyorlashga uch oy vaqt ketgani va unda bir nechta imloviy xatolar borligi haqida yozgan edi.