O‘zbekistonda 27 iyul kuni pandemiya boshidan beri antirekord yanglilandi — 843 kishi koronavirusga chalindi. COVID-19 rasman qayd etilganlar soni 126 627 nafarga yetdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bundan tashqari, kecha kun davomida 556 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi. Qayd etish lozim, ushbu ko‘rsatkich ham SSV pnevmoniya holatlarini berishni boshlagan sanadan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan avvalgi antirekord 26 iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, unda 521 kishida pnevmoniya aniqlangan.


27 iyul kuni 825 nafar bemor kasallikdan sog‘ayib, sog‘ayganlar jami 121 145 nafarga yetdi va sog‘ayish ko‘rsatkichi 95 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 8 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 853 nafarni tashkil qildi. Ushbu ko‘rsatkich ham vafot etganlar soni bo‘yicha qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Bundan avval, 23 va 25 iyul kunlari 7 kishi vafot etgan edi.

Ma’lumot uchun, koronavirusga chalinish bo‘yicha bundan avvalgi antirekord 26 iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, unda 789 kishida koronavirus aniqlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, SSV 2 iyuldan boshlab ayni vaqtda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar soni haqida ma’lumot bermayapti.