13 iyul kuni Amir Temur xiyobonida 150−200 ga yaqin fuqarolar to‘plangani haqida xabar bergan edik. Bunga rossiyalik bloger, Subxan Mamedov (Subo) ning obunachilariga pul tarqatish haqidagi e’loni sabab bo‘lgan. Ichki ishlar organlari tomonidan to‘plangan fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish va ommaviy to‘planmaslik kerakligi tushuntirilgan hamda ular tarqatilgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB ma’lum qilishicha, 26 nafar fuqaroga (shu jumladan S.Mamedov va uning kuzatuvchilariga) karantin qoidalariga zid ravishda jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lganliklari uchun MJtKning 54-moddasiga asosan BHMning besh baravarigacha (1 mln 225 ming) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, 83 nafar fuqaroga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirish jarayonida, 9 nafar voyaga yetmagan shaxslarning ota-onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, ogohlantirildi. Hozirda surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov mazkur holat yuzasidan fikr bildirib, rossiyalik bloger Subxan Mamedov (Subo) bilan profilaktik suhbat emas, balki «unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘ligiga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani» nuqtai nazaridan huquqiy baho berilishi kerakligi haqida ta’kidlagan edi.

Karantin qoidalari va cheklovlari qo‘pol ravishda buzilayotgan holatlar, xususan, 13 iyul kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida 150−200 nafarga yaqin yoshlar yig‘ilgan holati epidemiologik vaziyatning yanada og‘irlashishiga olib kelishi mumkin, deya ma’lum qilgan edi Sog‘liqni saqlash vazirligi.