Tojikiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) Afg‘oniston bilan chegarada xavfsizlikni kuchaytirishga yordam berishni iltimos qildi. 7 iyul kuni tashkilotning doimiy kengashi yig‘ilishida Tojikistonning KXSHTdagi doimiy va muxtor vakili Xasan Sultonov tegishli bayonot bilan chiqdi.

«Tojikiston, Afg‘oniston bilan eng katta masofadagi chegaraga ega mamlakat sifatida, vaziyatni jilovlash va ushbu mamlakatdan kelib chiqadigan tahdid va muammolarga qarshi kurashish uchun zarur choralarni ko‘rmoqda. Ammo, mintaqadagi mavjud vaziyatni, shuningdek, Afg‘oniston bilan chegaraning ayrim uchastkalari uzoq tog‘li hududlarda joylashganligini hisobga olsak, bu vazifani uddalash qiyindek tuyuladi», — dedi u.

«Ushbu holatlar bizdan KXSHT doirasida adekvat javob qaytarishni, shu jumladan janubiy chegaralarni himoya qilish imkoniyatlarini kuchaytirish bo‘yicha choralarni ko‘rishni talab qiladi», — deya qo‘shimcha qildi Hasan Sultonov. — Shu nuqtai nazardan, Kollektiv xavfsizlik kengashining (XKM) 2013 yil 23 sentyabrdagi «Tojikiston Respublikasiga tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlashda yordam ko‘rsatish to‘g‘risida» gi qarorining bajarilishini ta’minlash zaruriyati dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun biz tashkilotga a’zo davlatlarni ushbu hujjatning to‘liq amalga oshirilishiga hissa qo‘shishga chaqirmoqchimiz".

Tojikistonning KXSHTdagi doimiy vakili, shuningdek, so‘nggi ikki hafta ichida Afg‘oniston hukumat kuchlarining 1500 ga yaqin harbiy xizmatchilari Tojikiston hududiga o‘tganligi haqida to‘xtalib o‘tdi. «Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziriga Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegarani yanada mustahkamlash uchun 20 ming zaxiradagi harbiy xizmatchilarni safarbar etish topshirildi», — dedi Xasan Sultonov.

Avvalroq, KXSHT Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyati tufayli o‘z murojaatida Tojikistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qilgandi.«Tojikiston KXSHTga murojaat qilgan taqdirda, kollektiv xavfsizlik shartnomasi va KXSHT nizomida nazarda tutilgan barcha zarur yordam ko‘rsatiladi: bu siyosiy, harbiy va harbiy-texnik yordam bo‘lishi mumkin», — degan edi tashkilotning matbuot kotibi Vladimir Zaynetdinov (RIA Novosti tomonidan iqtibos keltirilgan).

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va Tolibon to‘qnashuvi davom etmoqda. Vaziyat AQSh sentabr oyigacha NATO qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin keskinlashdi. Bloomberg avval «Tolibon» Afg‘onistondagi 400 ta tumanining yarmini nazorat qilayotgani haqida yozgan edi.