4 iyuldan 5 iyulga o‘tar kechasi «Tolibon» kuchlari Tojikiston bilan umumiy chegarasi 910 km bo‘lgan Badaxshon provinsiyasining Xoxon, Shikay, Nusay, Mohimay, Shugnon va Sulton Ishkashim okruglarini to‘liq nazoratiga oldi. Bu haqda Tojikiston «Xovar» AA Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot markaziga asoslanib xabar berdi.

Toliblar bilan qurolli to‘qnashuvlar paytida Afg‘oniston hukumat kuchlarining 1037 nafar harbiy xizmatchilari shaxsiy tarkibi hayotini saqlab qolish maqsadida Darvoz tumanidagi Shohon Sh. Shoxin (104 kishi), Ruzvay (213 kishi) va Nulvand (83 kishi), Humrogi Vanj tumani (173 kishi), Xorog shahrining Tem tumani (312 kishi), Ishkashim (102 kishi) va Ishkashim tumanining Langar (50 kishi) chegara uchastkalari orqali Tojikiston hududiga chekinishgan.

«Yaxshi qo‘shnichilik tamoyilini hisobga olgan holda va [Afg‘oniston] ichki ishlariga aralashmaslik pozitsiyasiga rioya qilgan holda» Tojikiston qo‘shni davlat harbiylariga o‘z hududiga kirishga ruxsat berdi.

«Ayni paytda ko‘rsatilgan chegara hududlaridagi vaziyat Tojikiston Respublikasi chegara xizmati nazorati ostidadir», — deya qayd etilmoqda xabarda.

Vaziyat keskinlashgan taqdirda Tojikiston Afg‘onistondan 10 mingdan ortiq qochqinlarni qabul qilishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq, O‘zbekiston ham o‘z chegarasini afg‘on harbiylari va mahalliy qurolli guruhlar kesib o‘tgani haqida xabar bergan edi — birinchi holda 53 kishi, ikkinchisida yana 47 kishi chegarani kesib o‘tgan edi. Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarilgan. «O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etiladi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko‘riladi», — deya ta’kidlagan edi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.