Toshkent metrosi kuzatilgan muammolar ortidan Transport prokuraturasi «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasining faoliyatini o‘rganib chiqdi. Bu haqda «O‘zbekiston24» reportajida so‘z bordi.

Respublika transport prokurori Ma’rufjon Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, metrodagi muammolarga ayrim mansabdorlarning vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani sabab bo‘lgan.

«Shu yilning may-iyun oylarida «Toshkent metropoliteni»da o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, ayrim mas’ul mansabdor shaxslarning o‘z xizmat vazifalariga panja ortidan qarashi oqibatida jami 650 ta inson omili bilan bog‘liq kamchilik aniqlangan», — dedi u.

Respublika transport prokurori Ma’rufjon Xo‘jayev.

U, shuningdek, metropolitenida amalga oshirilgan qurilish ishlarida ham talon-torojliklarga yo‘l qo‘yilganini qayd etdi.

«Toshkent xalqa yo‘li yer osti metropolitenida olib borilgan qurilish ishlarida 899 mln so‘m talon-toroj qilinganи aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari natijasiga ko‘ra aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanadi», — dedi transport prokurori.

Reportajda ta’kidlanishicha, metroda yuz berayotgan noxush holatlarning oldini olish, eskirgan uskuna va zaruriy texnik vositalarni yangilashga davlat byudjetidan mablag‘ ajratilmoqda.

«Mart oyidan boshlab 11 ta holat bo‘ldi. Bitta narsa borki, agar hamma o‘ziga biriktirilgan xizmat vazifasini to‘liq bajarganida, o‘shanga o‘xshagan holatlar bo‘lmasligi mumkin edi. Sizlar orqali 4200 nafarlik jamoaga bu yerdagi gaplarning hammasi yetib borishi kerak», — dedi «Toshkent mertropoliteni» UK boshlig‘i Rahmonbek Usmonov.

Taqdimotdan ko‘rish mumkinki, yig‘ilishda, shuningdek, «Toshkent metropoliteni» daromadlarini oshirish rejasi ham muhokama qilingan.


Unga ko‘ra, iyul oyidan dekabrgacha kunlik yo‘lovchilar sonini 240 mingdan, 400 ming nafarga yetkazish reja qilingan. Yilning keyingi yarmida kunlik daromadni 336 mln so‘mdan 560 mln so‘mгача oshirish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, Toshkent metropoliteni reklama xizmatini yanada yaxshilashni ko‘z ostiga olib qo‘ygan. Jumladan, metroda joylashtiriladigan reklama ortidan iyuldan 400 mln so‘mdan, dekabrga kelib esa 1 mlrd so‘mdan, jami 6 oyda 4 mlrd 100 mln so‘m daromad olish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, shu yilning birinchi choragida «Toshkent metropoliteni» ishchi-xodimlarining o‘rtacha oylik maoshi 2,2 mln so‘mni tashkil qilgani qayd etildi. Bu «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ishchilarining oyligidan 1,8 mln so‘mga kam. Shu bois, metroda faoliyat yurituvchi xodimlarning oyligini sentyabrga qadar o‘rtacha 3,1 mln so‘mga, noyabrga kelib esa 3,7 mln so‘mga oshirish takliflari bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» 8 aprelda Toshkent metrosining Sergeli yo‘nalishida poyezd texnik sabablarga ko‘ra to‘xtab қолгани, yo‘lovchilar esa estakada orqali evakuatsiya qilingani, 10 aprelda «Pushkin» va «Buyuk ipak yo‘li» stansiyalari o‘rtasida harakatlanayotgan metro vagonining eshigi ochiq қолгани, aprel oxiriga kelib «Novza» metro bekati yaqinida poyezd to‘xtab qolib, yo‘lovchilar bekatgacha relslardan yurib borgani haqida xabar qilgandi.

Mazkur voqealardan so‘ng, 25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev metrodagi muammolar ечимига e’tibor qaratgan edi. «Hozir 40 mlrd so‘mlik alohida podstansiya xarid qilyapmiz. Toshkent metropolitenining energiya tizimi alohida bo‘ladi», — degan edi u.