Dunyo bo‘ylab tabiiy ofatlar

  • Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida anomal issiqlik tufayli kelib chiqqan o‘rmon yong‘inlari soni so‘nggi 24 soat ichida 136 dan 180 taga yetdi. Yong‘inni o‘chirishga 3 mingdan ortiq odam, aviatsiya va maxsus texnika jalb qilingan. Yong‘in maydoni 79 ming gektardan oshdi. 1,3 mingdan ziyod aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi, yana mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinishi mumkin. Bundan avval o‘rmon yong‘inlari mamlakatning kichik Lutton shahrini deyarli yo‘q qilgan edi. Mingga yaqin aholi shaharni tark etishga majbur bo‘ldi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inda kamida ikki kishi halok bo‘ldi.

29 iyun kuni Litton shaharchasida havo harorati 49,6 darajagacha ko‘tarilib, hududda 1937 yildan beri rekord ko‘rsatkichi qayd etildi. Kanadaning Britaniya Kolumbiyasida anomal issiq ob-havo tufayli 500 ga yaqin odam vafot etdi, xususan, Lappointda 165 ta to‘satdan o‘lim qayd etilgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

  • Kiprning Troodos tog‘larida ham yong‘in davot etmoqda. Bu fojia orol tarixidagi eng yirigi deb tan olindi. Ta’kidlanishicha, ushbu yong‘inda to‘rt kishi halok bo‘lgan, 50 ta uy yonib ketgan va elektr uzatish liniyalari zarar ko‘rgan. 10 ta aholi punkti evakuatsiya qilindi.
  • Yaponiyaning Atami shahrisida 3 iyul kuni tog‘ o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Tokio elektr energiya kompaniyasiga ko‘ra, hududdagi 2,8 mingdan ziyod uy elektr ta’minotisiz qoldi. Hukumat rahbari ikki kishining jarohat olgani, yana ikki kishining vafot etgani, 130 binoga zarar yetkazilganini ta’kidladi.

Foto: twitter.com/TRTWorldNow

  • Gaiti va Dominikan Respublikasining janubiy sohillariga «Elza» tropik bo‘roni bostirib kirdi. Kamida uch kishi halok bo‘ldi. Shamol tezligi 110 km/s ga yetgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan Barbados bo‘ldi. Mingdan ortiq odamning uyiga zarar yetdi, 62 ta uy butunlay vayron bo‘ldi. Shamol butun orol bo‘ylab ko‘plab daraxtlarni qulatdi, shuningdek, elektr uzatish tarmoqlariga zarar yetkazdi.
  • Rossiyaning Sochi shahrida kuchli yomg‘irlar kuzatilmoqda. Aholi evakuatsiyaga tayyor bo‘lishga chaqirildi. Xorota va Matsesta daryolari sathining keskin ko‘tarilishi qayd etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, biri kishi halok bo‘lgan, ikki kishi jarohatlandi.

Indoneziyada chet elliklar uchun kirish qoidalari kuchaytiriladi

Indoneziya 6 iyul kunidan boshlab chet ellik sayyohlar uchun kirish qoidalarini kuchaytirmoqda. Ulardan to‘liq emlash to‘g‘risidagi sertifikat, ikkita PZR test-sinovi va sakkiz kunlik karantindan o‘tish talab etiladi. Infeksiyaga testni kelish kuni va mamlakatga kelgandan bir hafta o‘tgach topshirish kerak bo‘ladi. Sayyohlar maxsus mehmonxonalarda karantinga olinadi. Bundan tashqari, sayyohlik idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 iyundan 21 iyulgacha Indoneziyadagi barcha sayyohlik yo‘nalishlari va dam olish joylari yopilgan. — Interfaks.


Emlash darajasi bo‘yicha BAA dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi

Aholini COVID-19'ga qarshi emlash darajasi bo‘yicha BAA dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Aholining 72,1 foizi emlab bo‘lingan. 4 iyul kuni BAA Moderna vaksinasidan foydalanishga ruxsat berdi. Mamlakatda Pfizer va AstraZeneca kompaniyasining vaksinalari ham qo‘llanilmoqda. Hukumat Sinopharm vaksinasini uchinchi doza sifatida odamlarga taklif qilishni rejalashtirmoqda.

Emlash darajasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Seyshel orollari joylashgan. Bu yerda aholining 71,7 foizi emlandi. — Bloomberg.


Ozarbayjon mina xaritalari evaziga Armanistonga 15 fuqaroni topshirdi

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ bilan tutashgan Fizuli va Zangilan viloyatlaridagi minalar maydonlari xaritalari evaziga Armanistonga ushbu mamlakatning 15 fuqarosini topshirdi. «2021 yil 3 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi tashabbusi bilan Armaniston Ozarbayjonga Fizuli va Zangilon hududlarida joylashtirilgan qariyb 92 mingga yaqin minalar xaritalarini taqdim etdi. Ozarbayjon tomoni Armanistonga 15 nafar arman millatiga mansub kishilarni topshirdi», — deyiladi tashqi ishlar vazirligi bayonotida. — TASS.


Eron rasmiylari aholini elektr energiyasidan kamroq foydalanishga chaqirdi

Eron Energetika vazirligi mamlakat aholisini elektr stansiyalaridagi uzilishlardan so‘ng elektr energiyasini iste’mol qilishni kamaytirishga chaqirmoqda. «Kecha elektr energiyasiga bo‘lgan talab 65,9 ming MVtga yetdi, bu ilgari kuzatilmagan edi, ammo harorat ko‘tarilishini hisobga olsak, ehtimol bu ko‘rsatkich 66 ming MVt dan oshishi mumkin», deyiladi bayonotda. Energetika vazirining ta’kidlashicha, o‘tgan yildan beri mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab kamida 12 foizga oshgan. 7

Dam olish kunlari Eronda ulkan elektr uzilishlari yuz berdi va ehtimol bu haftaning birinchi yarmida takrorlanishi mumkin. Vazir mamlakat aholisidan elektr energiyasini iste’mol qilishni, ayniqsa tushdan keyin imkon qadar kamaytirishni so‘radi. — Interfaks.


Litvada Tixanovskayaning idorasi diplomatik maqomga ega bo‘ldi

Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayaning Litvadagi idorasi diplomatik maqomga ega bo‘ldi. Bu haqda Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis ma’lum qildi. Litva Tixanovskayaga rasmiy maqom bergan Yevropa Ittifoqining birinchi davlati bo‘ldi. «Boshqa mamlakatlarda Belarus xalqining vakolatxonalarini ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», deyiladi bayonotda. — Tixanovskayaning Telegram’dagi kanali.

Yevropa Ittifoqida Tixanovskaya Belarus vakillaridan biri sifatida tan olingan. Fransiya prezidenti hamda Germaniya kansleri u bilan rasman uchrashgan. Belarusda, aprel oyining boshidan beri u va yana 15 kishi terrorchilik faoliyatiga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘tgan yilning avgust oyida Svetlana Tixanovskaya mamlakatdan chiqib ketib, Litvaga ko‘chib o‘tgan edi.


Ever Given kemasi 7 iyul kuni Suvaysh kanalini tark etadi

Mart oyida Suvaysh kanalidagi harakatni olti kunga to‘xtatib qo‘ygan Ever Given konteyner kemasi 7 iyul kuni kanalni tark etadi. «7 iyul kuni [suv yo‘li] ma’muriyati va kemaga egalik qiluvchi kompaniya o‘rtasida shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, marosim doirasida Ever Given Suvaysh kanalidan chiqib ketadi», deyiladi bayonotda.

Avvalroq Ever Given egasi suv yo‘liga yetkazilgan zarar uchun 540 mln dollar tovon to‘lashini ma’lum qilgan edi. — TASS.


Shuningdek:

  • Filippin harbiy-havo kuchlarining C-130 samolyoti yakshanba kuni Sulu provinsiyasi Holo oroliga qo‘nishga uringan paytda halokatga uchradi. Aviahalokat oqibatida halok bo‘lganlar soni 50 kishiga yetdi.
  • 5 iyulga o‘tar kechasi «Tolibon» kuchlari Afg‘onistonning Badaxshon provinsiyasidagi oltita okrugni o‘z nazoratiga oldi. Tojikiston qo‘shni davlat hududiga chekingan Afg‘oniston hukumat qo‘shinlarining 1000 dan ortiq harbiy xizmatchilarini qabul qildi.
  • Qozog‘iston poytaxtida mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga yodgorlik ochilishining tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Yodgorlik Nur-Sultonda yaqinda ochilgan bog‘ hududida joylashgan. Shuningdek, amerikalik rejissyor Oliver Stoun o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Nazarboyev va Qozog‘iston haqidagi «Qazaq. Oltin odam haqida hikoya» hujjatli filmining treylerini taqdim etdi.

Foto: Dmitriy Karaman/TASS

  • Latviya Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqdi.