Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda keskinlik kuchayib borayotganidan mamlakat xavotirda ekanligini bildirib, bayonot bilan chiqdi.

«Kurashayotgan tomonlarni tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishining oldini olishga va kuch ishlatishdan tiyilishga chaqiramiz», — deyiladi vazirlik xabarida.

Ma’lumotga ko‘ra, 27 iyun kuni 44 kishidan iborat Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Sho‘rtepa tumani hududida O‘zbekistonning davlat chegarasini buzgan.

26 iyun kuni chegaraning ushbu qismida afg‘on kuch ishlatar tizimlari 3 nafar vakili O‘zbekiston hududiga kirib kelgan. Barcha Afg‘oniston fuqarolari o‘z vataniga qaytarilgan.

«O‘zbekiston hududiga bu kabi noqonuniy o‘tishga urinishlar qat’iy ravishda bartaraf etiladi», — deyiladi xabarda.

«O‘zbekiston hukumati Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini davom ettirish, neytralitetni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat’iy ma’lum qiladi», — deya yakunlaydi bayonotni TIV.

Avvalroq, O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov so‘nggi kunlarda bir nechta davlat chegarasini buzish holatlari kuzatilganligini ma’lum qilgan edi.

23 iyun kuni aynan ushbu hududdan 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar O‘zbekiston chegarasini buzib kirishgan edi. Oldinroq, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi «Sherxon-Bandar» nazorat o‘tkazish punkti tolibon nazoratiga o‘tganligi haqida xabar bergan edik.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «tolibon» nima xohlayotgani haqida intervyu bergan edi.