Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida yangi tayinlovlar amalga oshirildi, deya xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va vazir Abduqodir Toshqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yangi o‘rinbosarlar tanishtirildi.

Siyosiy fanlar nomzodi Komiljon Karimov vazirning birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Rahim Xakimov vazirning fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Komiljon Karimov mazkur tayinlovga qadar 2020 yilning 17 sentyabridan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Rahim Hakimov mazkur tayinlovga qadar 2020 yilning 28 mayidan Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

«Gazeta.uz» avvalroq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Komiljon Karimov bilan intervyu qilgan edi (1-qism), (2-qism).