Isroil parlamenti Isxak Gersogni prezident etib sayladi

Isroil parlamenti ko‘pchilik ovozi bilan Isxak Gersogning mamlakat prezidentligiga nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Gersogga Knessetdagi (Isroil parlamenti) 120 deputatdan 87 nafari ovoz berdi. Shunday qilib, 9 iyul kuni u ushbu lavozimda Reuven Rivlin o‘rnini egallaydi. Isxak Gersog Isroilning o‘n birinchi prezidenti bo‘ldi. Uning otasi — Xaim Gersog — mamlakatning oltinchi prezidenti bo‘lgan edi. — Times of Israel.

Shuningdek: Isroil AQShdan o‘zining «Temir gumbaz» havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi uchun 1 mlrd dollarlik shoshilinch harbiy yordam so‘rashni rejalashtirmoqda.


Tunis yaqinida kemaning halokatga uchrashi oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘ldi

Kamida 23 afrikalik muhojir Liviyadan Italiyaga O‘rta dengizni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan paytida, Tunis qirg‘oqlari yaqinida halokatga uchradilar. Kema cho‘kib ketdi. «[Tunis] dengiz floti 70 muhojirni qutqarib qoldi, yana 23 kishi cho‘kib ketdi», dedi Tunis Qizil yarim oy vakili. Tashkilot vakili bortda 90 dan ortiq odam bo‘lganini ta’kidladi. — TASS.

Shuningdek: Eron dengiz kuchlarining eng yirik bo‘lgan «Xark» kemasi Ummon ko‘rfazida cho‘kib ketdi. Kema bortida yong‘in sodir bo‘lgan, qutqaruvchilar yong‘inni 20 soat ichida o‘chirishga harakat qilishgan. Ushbu urinishlar muvaffaqiyatsiz tugadi va natijada kema cho‘kib ketdi. Barcha ekipaj a’zolari qutqarildi.


AQSh Afg‘onistondan harbiy kontingentning taxminan uchdan bir qismi chiqarilganini ma’lum qildi

«Markaziy qo‘mondonlik taxminlariga ko‘ra, biz chiqib ketish jarayonini 30−44 foizga yakunladik», deyiladi qo‘mondonlik bayonotida. Xususan, AQSh harbiy kuchlari hozirgacha egallab turgan oltita obyektni Afg‘oniston Mudofaa vazirligiga topshirgan. Bundan tashqari, katta miqdordagi harbiy texnikaning mamlakatdan olib chiqarilgani xabar qilinmoqda. Taxminan 13 ming dona asbob-uskunalar yo‘q qilinishi uchun Pentagonning logistika idorasi xodimlariga topshirildi. — Gazeta.uz

AQSh 1 maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqishni boshlagan va bu jarayonni 11 sentyabrgacha yakunlashni rejalashtirmoqda.

Shuningdek: AQSh armiyasi Kongressdan RCV (Robotic Combat Vehicle) robot jangovar majmuasini rivojlantirishni davom ettirish va harbiy xizmatchilar ishtirokida eksperimentga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berish uchun 84,5 mln dollar miqdorida mablag‘ so‘ramoqda. Shuningdek, Oq Uy ma’muriyati Kongressdan AQSh razvedka hamjamiyati faoliyati uchun jami 85,5 mlrd dollar miqdorida mablag‘ so‘ramoqda. Faqatgina harbiy razvedka dasturini (Military Intelligence Program, MIP) amalga oshirish uchun ma’muriyat 23,3 mlrd dollar ajratilishini talab qilmoqda. Mamlakatning boshqa barcha razvedka idoralari ehtiyojlari uchun 62,3 mlrd dollar sarflanishi kutilmoqda.


Yevropa komissiyasi Shengen zonasini mustahkamlash bo‘yicha yangi strategiyasini taqdim etdi

Yevropa Komissiyasi 2 iyun kuni Shengen hududini mustahkamlash bo‘yicha yangi strategiyani taqdim etdi. Yangi strategiyaga muvofiq, Shengen mintaqasining samarali ishlashi uchta asosiy prinsipga asoslanadi. «Bu Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini samarali boshqarish, ichki chegara nazorati yetishmasligining o‘rnini qoplash bo‘yicha ichki choralarni kuchaytirish, xususan politsiya hamkorligi, xavfsizlik va migratsiyani boshqarish, shuningdek, Shengen zonasini ishonchli boshqarishni ta’minlash», deyiladi hujjatda. Bundan tashqari, amaldagi me’yoriy hujjatlarga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish va kamchiliklarni tezda aniqlash hamda bartaraf etishni ta’minlash uchun Yevropa Komissiyasi Shengenni baholash va nazorat qilish mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Yevropa komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shengen hududida, ya’ni 26 mamlakatda 420 mlndan ortiq kishi yashaydi. — Yevropa Komissiyasi.


Yangi Kaledoniya mustaqilligi bo‘yicha referendum 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi

Bu haqda Fransiyaning xorijdagi hududlari vaziri Sebastyan Lekornyu ma’lum qildi. «Bizning fikrimizcha, umumiy manfaatlar referendumni tezroq o‘tkazilishini talab qiladi. Hukumat uni 2021 yil 12 dekabrda tashkil qiladi», — dedi vazir. Keyin, uning so‘zlariga ko‘ra, «2023 yil 30 iyunga qadar o‘z taqdirini o‘zi belgilash bo‘yicha yangi referendumga qadar o‘tish davri bo‘ladi», bu arxipelag aholisi bilan maslahatlashuvlarning to‘rtinchi bosqichi bo‘ladi.

Yangi Kaledoniya 1853 yilda Fransiya tomonidan mustamlaka qilindi. Tinch okeanining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu chet eldagi muxtoriyat Fransiyada alohida ma’muriy-hududiy maqomga ega. Ko‘p yillar davomida hududda keskin millatlararo ziddiyatlar, jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy qiyinchiliklar kuzatilmoqda. — TASS.


Chexiyada 156 fuqaro koronavirusni qasddan tarqatishda ayblanmoqda

Chexiya politsiyasi tomonidan mamlakatning 156 nafar fuqarosiga favqulodda holat rejimi paytida koronavirus infeksiyasini ataylab tarqatish aybi qo‘yilgan. Ularning aybi tasdiqlansa, jazo sifatida 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish qo‘llanishi mumkin. Chexiya qonunlariga ko‘ra, kasallikni qasddan tarqatish uchun uch yillik qamoq jazosi belgilanadi. Ushbu jinoyat uchun favqulodda rejim davrida sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va tajovuzkorning xatti-harakatlari tufayli ikkitadan ortiq odam vafot etgan bo‘lsa — 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Chexiyada mamlakat bosh vaziri Andrey Babish, shuningdek, adliya vaziri Mariya Beneshovaga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar Praga markazida to‘planib, rasmiylarni korrupsiyada ayblashgan. Ta’kidlanishicha, miting ishtirokchilari tibbiy niqob taqib, ijtimoiy masofani saqlashga harakat qilishgan.

29 aprel kuni bir necha ming kishi Chexiya prezidenti Milosh Zemanga qarshi namoyishlarda qatnashgan edi.


Shuningdek:

  • Yaponiya muhtoj mamlakatlarga COVID-19 qarshi emlash kampaniyasi uchun 800 mln dollar ajratadi.
  • BMT bosh kotibi saylovi iyun oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Hozirgacha Antoniu Guterrish yagona nomzod bo‘lib qolmoqda.