Ijtimoiy tarmoqlarda jismoniy imkoniyatlari cheklangan (kar-soqov) ayolga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘layotganligi aks etgan video tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi. 25 maydan 26 mayga o‘tar kechasi soat 03.15 larda 102 raqamiga tez tibbiy yordam muassasasidan kelib tushgan xabarga ko‘ra, 24 yoshli M.V. tan jarohatlari bilan keltirilganligi aniqlangan.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida 24 may kuni, 28 yoshli M.D. o‘zining Mirobod tumanidagi xonadonida ikki nafar tanishlari — 20 yoshli D.B. va 23 yoshli M.M. lar bilan birga 24 yoshli M.V.ga tan jarohatlari yetkazishgani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, ayol o‘zi tushuntirib bermagan sabablarga ko‘ra, o‘zi yashab kelgan ushbu xonadondan faqatgina 25 maydan 26 mayga o‘tar kechasi chiqqan. Nukus ko‘chasida M.V. o‘tib ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasini to‘xtatib, qo‘l harakatlari bilan tibbiy yordamga muhtojligini ma’lum qilgan va oyog‘idagi jarohatlarni ko‘rsatgan.

Barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlanib, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «v» bandi (qiynash, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov davomida sodir bo‘lgan voqeaning sabablari batafsil o‘rganiladi, deyiladi xabarda.