18 may kuni O‘zbekistonga Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan olib kelindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning ta’kidlashicha, ertaga shu vaksinadan yana 500 ming doza olib kelinadi.

Ushbu vaksinaning 1 million dozalik avvalgi partiyalari 27 mart va 27 aprel kunlari keltirilgan edi. Shuningdek, mart oyida 660 ming doza AstraZeneca, aprel oyida 100 ming doza «Sputnik V» vaksinalari ham olib kelingan.

Vazirlik xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 3 million 760 ming dozaga yetgan. Ayni paytgacha foydalanilgan 1 million 346 ming dozadan ortiq vaksinaning 62 foizi, ya’ni 842 ming dozadan ortig‘ini ZF-UZ-VAC2001 tashkil qilmoqda. Shundan 91 ming nafardan ortig‘i o‘zbek-xitoy vaksinasining 2-bosqichi bilan ham emlangan.