14 may kuni Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shma loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish, bo‘lajak tashrifgacha real kelishuvlarni tayyor qilib qo‘yish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab bergan.

Bu haqda dushan kungi brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ma’lumotga ko‘ra, endilikda barcha bitimlar «pishiq-puxta bo‘lishi, ularning moliyalashtirish manbalari, ijrochi va muddatlari aniq» bo‘lishi lozim.

Shu ma’noda, bo‘lajak muzokaralar yakunida hadli memorandumlar bo‘lmaydi. Aniq vazifalarni o‘zida mujassam etgan o‘zaro anglashuv kelishuvlari imzolanadi, deya aniqlik kiritdi Sherzod Asadov.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi 10−12 iyun kunlariga mo‘ljallanayotgani haqida yozgan edik. Shuningdek, davlat rahbari Emomali Rahmon hamrohligida Xo‘jand shahriga borishi, u yerda So‘g‘d va unga chegaradosh hududlar rahbarlari bilan birgalikda muzokaralar o‘tkazishi ma’lum qilingan edi.