Buyuk Britaniya katta miqdordagi sarmoyalar bilan Shotlandiya mustaqilligining oldini olishni rejalashtirmoqda

Boris Jonson boshchiligidagi hukumat Shotlandiyaning Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hududdagi yirik infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p mlrdlik mablag‘larni yo‘naltirishga tayyorlanmoqda. Ta’kidlanishicha, hozirda mamlakat rasmiylari Shotlandiyadagi transport loyihalariga va milliy sog‘liqni saqlash tizimiga sarmoya kiritish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, London mahalliy hukumatni chetlab o‘tib, Shotlandiyaning aniq munitsipalitetlariga byudjetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ yo‘naltirmoqchi. Bundan tashqari, biznesni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari doirasida hukumat Aberdin va Inverness portlariga imtiyozli soliq shartlarini nazarda tutadigan maxsus maqom berishi mumkin. Nashrning yozishicha, Birlashgan Qirollik hukumati Shotlandiya aholisiga bitta davlatda birga yashashning afzalliklarini «so‘z bilan emas, balki amalda» namoyish etishni istaydi. — The Times.

Shuningdek: Buyuk Britaniyada 17 maydan boshlab xorijga sayoxat qilish uchun emlash pasportlari joriy etilmoqda. Emlash pasportlari smartfon va planshetlar uchun ilova sifatida ishga tushiriladi. Bunday sertifikatlar faqat vaksinaning ikki dozasi olgan britaniyaliklarga beriladi. Smartfoni yo‘qlar 119 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarining emlanganini tasdiqlovchi qog‘ozli guvohnomani olishlari mumkin bo‘ladi. Bunday pasportlarning mavjudligi britaniyaliklarning chet el sayohati uchun zaruriy shartdir, deya ta’kidlamoqda The Times.


Armaniston parlamenti ikkinchi marta Nikol Pashinyanni bosh vazir lavozimiga saylamadi

Armaniston parlamenti 11 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda ikkinchi marta respublikaning bosh vaziri lavozimiga yagona nomzodni, bosh vazir vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanni saylamadi. Konstitutsiyaga muvofiq, Armaniston parlamenti ketma-ket ikki marta bosh vazirni saylamasa, qonun kuchi bilan tarqatib yuboriladi. Bir kishi Pashinyan nomzodni yoqlagan, bir kishi unga qarshi ovoz bergan, 76 nafari betaraf qolgan, deya xabar bermoqda RBK. — Interfaks.

3 may kuni Armaniston parlamentining birinchi marta Nikol Pashinyanni bosh vazir lavozimiga saylamagani haqida xabar bergan edik.


Hindistonning Gang daryosidan o‘nlab o‘liklarning jasadlari topildi

Koronavirus infeksiyasi tufayli vafot etgan o‘nlab odamlarning jasadlari sharqiy Bihar shtatidagi Gang daryosidan topildi. Bu haqda TASS «The Times of India»ga tayanib xabar bermoqda. Xabarda yozilishicha, an’anaviy hind urf-odatlariga binoan jasadlarni yoqib yuborish marosimi qimmatligi tufayli, marhumlarning qarindoshlari ularni suvga tashlagan bo‘lishi mumkin. Mahalliy aholining «The Times of India»ga aytishicha, Buksar tumanidagi Gang daryosidan 100−150 kishining jasadi topilgan. Mahalliy ma’muriyatning ta’kidlashicha, jasadlarning aksariyati bir necha kun oldin qo‘shni Uttar-Pradesh shtatida daryoga tashlangan. Ma’lum qilinishicha, noma’lum shaxslarning jasadlari davlat hukumati mablag‘lari hisobidan dafn (yoqib yuborish orqali) etiladi. — TASS.

Avvalroq Hindistonda o‘liklar ko‘pligidan, ularning jasadlari ko‘chada yoqilayotgani haqida xabar bergan edik. Mamlakatda kuniga 360 mingdan ortiq kishida virus aniqlanib, 3 ming kishi vafot etayotgani qayd etilmoqda.


Malayziyada 12 maydan boshlab qariyb bir oyga umummilliy yakkalash rejimi joriy etiladi

Malayziya hukumati koronavirus tarqalishi munosabati bilan mamlakatda 12 maydan 7 iyunga qadar mamlakat bo‘ylab yakkalash rejimini joriy etishga qaror qildi. Bu haqda Malayziya bosh vaziri Muhiddin Yassin ma’lum qildi. Xususan, barcha ijtimoiy tadbirlar, umumiy ovqatlanish joylariga tashrif buyurish taqiqlanadi. Shuningdek, shtatlar va tumanlar ichidagi harakat taqiqlanadi (ish, favqulodda holatlar, tibbiy tayinlash, emlash yoki turmush o‘rtog‘ini ziyorat qilish bundan istisno). — The Straits Times.

Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiya paytida Malayziyada 444,4 mingdan ortiq koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 1,7 mingdan ortiq kishi vafot etgan, 405,3 mingdan ortig‘i sog‘aygan.


Kolumbiyada 12 may kuni umummilliy namoyishlar bo‘lib o‘tadi

Kasaba uyushmalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillarini o‘z ichiga olgan Kolumbiya Milliy ish tashlash qo‘mitasi mamlakat hukumati bilan kelishuvga erishmagani sababli, 12 mayda yangi umummilliy namoyishlar o‘tkazilishini e’lon qildi. «Ish tashlash davom etmoqda va biz chorshanba kuni (12 may) yangi umummilliy namoyishga chaqiramiz», — dedi qo‘mita raisi. — TASS.

Kolumbiyadagi soliq islohotiga qarshi norozilik namoyishlari 28 apreldan buyon bo‘lib o‘tmoqda. To‘qnashuvlar paytida 19 kishi halok bo‘lgan, 800 ga yaqin kishi jarohat olgan. Shuningdek, 379 kishi bedarak yo‘qolgan.


Boku Qorabog‘ shahrida vafot etgan 1,6 mingga yaqin arman harbiylarining jasadlarini Yerevanga topshirgan

Bu haqda mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qilgan paytida aytib o‘tdi. «Harbiy harakatlar tugagach, bizda bo‘lgan barcha harbiy asirlarni topshirdik. Olti oy davom etgan jangovar harakatlar tugagandan so‘ng biz tinchlikparvar kuchlari va Armaniston tomoni vakillari bilan birgalikda qidiruv ishlarini amalga oshirib, Armaniston tomoniga arman harbiy xizmatchilarning 1,6 mingga yaqin jasadini topshirdik», dedi Aliyev. Ozarbayjon tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat harbiy asirlarni Armaniston tomoniga o‘tkazish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajargan. — Interfaks.

Aprel oyida Armaniston bosh vaziri Qorabog‘dagi jangovar harakatlar paytida 4 mingga yaqin askar halok bo‘lganini aytgan edi.


Shuningdek:

  • Qozon shahridagi maktabda ikki nafar o‘smir qurolli hujum uyushtirdi. Yuz bergan otishma paytida 32 kishi jarohatlandi, ulardan 9 nafari (7 nafari o‘quvchi) vafot etdi.
  • Isroil va falastinliklar o‘rtasida aprel oyidan buyon davom etayotgan to‘qnashuvlar oqibatida 300 dan ortiq kishi jabrlandi. Falastinda 20 kishining o‘limi qayd etilgan. Dushanba kuni kechasi G‘azo sektoridan Isroilga 200 ta raketa zarbalari berildi. BMT bosh kotibi mazkur mojaroni tegishli rezolyutsiyalar, xalqaro huquq va ikki tomonlama kelishuvlar asosida hal etishga chaqirdi. So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra (TASS), Isroil politsiyasi bilan to‘qnashuvda yaralangan falastinliklar soni 714 kishiga yetdi.
  • London shahrining amaldagi meri Sodiq Xon shahar rahbarligi uchun saylovlarda 55,2% ovoz yig‘ib, ikkinchi bor London meriga aylandi.