2021 yil 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Bu davlat rahbari tomonidan 5 mayda imzo chekilgan tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga oid farmonida qayd etilgan.

Bundan tashqari, hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshiruvchilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun o‘rnatilgan tartib bilan bir qatorda bir qancha talablar ham qo‘yilmoqda.

Unga muvofiq, hamshiralik ishi faoliyatini faqat o‘rta tibbiy yoki oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega SSVning tegishli axborot tizimida 2022 yil 1 yanvardan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar amalga oshirishi mumkin.

Qolaversa, tibbiy muolajalar 2021/2022 o‘quv yilidan joriy etiladigan o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga muvofiq bajarilishi kerak.

Hamshiralik ishi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs belgilangan muddatlarda o‘z malakasini oshirib borishi ham lozim bo‘ladi.

O‘rta tibbiyot xodimlari tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan holda hamshiralik ishi faoliyatini amalga oshirish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir oy muddatda tasdiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 5 may sanasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident o‘zini o‘zi band qilgan aholi daromad solig‘idan ozod qilinishini ma’lum qilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 dekabrdagi qarori bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi низомham tasdiqlangan edi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lashlari mumkin. Ular 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, BHMning kamida 50 foizi hajmida to‘laydi.