Chorshanba kuni Uzbekistan Airways tomonidan sotib olingan oltinchi Boeing 787−8 Dreamliner avialayneri Toshkent aeroportiga qo‘ndi. Aviatsiya an’anasiga ko‘ra, layner o‘t o‘chirish mashinalari brandspoytlari orqali otilgan suv mushakbozliklari bilan kutib olindi.

UK78706 raqami bilan ro‘yxatga olingan samolyot Boeing korporatsiyasining yig‘ish zavodi joylashgan AQSHning Vashington shtatidagi Everett shahridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozni amalga oshirdi. Layner Uzbekistan Airways ekipaji tomonidan boshqarildi va parvoz 12 soat 9 daqiqa davom etdi.

Samolyot 2019 yil dekabrda yig‘ilgan bo‘lib, 2020 yilda yetkazib berilishi kutilayotgan edi, ammo koronavirus pandemiyasi sababli u 2021 yilga qoldirildi, dedi Uzbekistan Airways vakili. Salon sig‘imi — 270 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, shu jumladan biznes-klass 24 ta o‘rindan iborat.

Samolyot komandiri Ruslan Almamedovning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ekipaj AQSHga bir hafta oldin sinov parvozlarini amalga oshirish va laynerning barcha mexanizmlarini tekshirish uchun yetib borgan. Keyin O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vaxabov ishtirokida samolyot qabul qilib olingan.

«Bu oddiy parvoz emas edi, — ta’kidladi AQSHning O‘zbekistondagi vaqtinchalik vakili Alan Melser. — Samolyot orqali Qoraqalpog‘iston aholisiga koronavirus pandemiyasi bilan kurashishda yordam berish uchun mo‘ljallangan qiymati 3 mln dollarlik tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berildi. Bundan tashqari, Boeing xuddi shu maqsadda 100 ming dollar mablag‘larini xayriya qildi».

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining matbuot xizmatining ta’kidlashicha, bu Boeing kompaniyasi bilan birgalikda tashkil etilgan uchinchi gumanitar reys hisoblanadi, dastlabki ikkitasi 2016 yilda amalga oshirilgan. Project C.U.R.E. xayriya tashkiloti tomonidan taqdim etilgan jo‘natmalar — kasalxonalar uchun yotoqlar, matraslar va nogironlar uchun aravachalarni o‘z ichiga olgan. Project C.U.R.E. gumanitar yordam yuklarini yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi eng yirik distribyutor.

Uzbekistan Airways 2016 yil sentyabr oyida «Drimlayner"larning tijorat ekspluatatsiyasini boshlab, Boeing 787'ning Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisiga aylangan edi. Dastlabki ikkita layner 2016 yilda, uchinchisi 2018 yilda va yana ikkitasi 2019 yilda keltirilgan. Shu bilan Boeing kompaniyasi ushbu turdagi samolyotlarni mahalliy aviakompaniyaga yetkazib berish bo‘yicha buyurtmani yakunladi.

«Boeing 787 Dreamliner oilasiga tegishli samolyotlarning uzoq masofaga mo‘ljallanganligi hamda yoqilg‘i tejash xususiyati Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga o‘z yo‘nalishlari tarmog‘ini moslashuvchan ravishda qurish va inqiroz tugagandan so‘ng kelajakdagi fuqarolik aviatsiyasi bozorining o‘sishiga tayyorlanish imkoniyatini beradi», — deyiladi aviakompaniya xabarida.

Bir necha kun avval prezident Uzbekistan Airways aviakompaniyasining transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish to‘g‘risida farmonni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, lizing beruvchiga uchta Boeing-757−200 samolyotini qaytarib berish, dekabrgacha esa ikkita Boeing-767 va ikkita Boeing-757 samolyotlarini sotish rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkita Airbus A321neo LR (uzoq masofaga mo‘ljalangan versiyasi), hamda, yana uchta A321neo havo kemasini ijaraga olish ko‘zda tutilgan.