Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov 1 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “G‘alaba qo‘shiqlari” deb nomlangan konsertda SSSR bayrog‘i ko‘tarilganligini haqorat va provokatsiya deya ta’kidladi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi kuni kecha Toshkent Istiqlol saroyi oldida tashkil etilgan beg‘araz konsert dasturida yo‘l qo‘yilgan g‘arazli provokatsiyani keskin qoralaydi", — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

“Biz san’atga qarshi emasmiz, san’atni siyosatga qurol qilinishiga qarshimiz. Taraqqiyparvar o‘zbek ziyolilari va oqko‘ngil ajdodlarimizning qoniga bo‘yalgan bosqinchi sovet davlati bayrog‘ini mamlakatimiz poytaxtining qoq markazida baland ko‘tarilishini o‘zbek xalqiga nisbatan haqorat deb hisoblaymiz”, — deydi deputat.


Partiya Bosh prokuraturani “ushbu provokatsiyaga tegishli baho berishga” chaqirdi.

Ma’lumot uchun, 1 may kuni “Xalqlar do’stligi” san’at saroyi oldidagi maydonda “Xor Turetskogo” jamoasi va Soprano guruhining “G‘alaba qo‘shiqlari” deb nomlangan konsert dasturi taqdim etildi.