Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahonda sport sohasida qator voqea-hodisalar sodir bo‘ldi. «Gazeta.uz» ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi. Haftaning eng muhim xabarlari bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

26 aprel kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi Volkswagen brendi futbol bo‘yicha O‘zbekiston Pro ligasi homiysiga aylanishi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Volkswagen barcha translyatsiyalar, tijorat bannerlari, shuningdek reklama va media-mahsulotlardan o‘rin egallaydi.

Aynan shu kuni O‘zbek bokschi qizlari orasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchi Nigina O‘ktamovaga Nexia-3 avtomobili sovg‘a qilindi. Avvalroq, Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatining qizlar orasidagi final janglarida O‘zbekistondan ishtirok etgan Nigina O‘ktamova g‘olib bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Dushanba kuni, shuningdek, Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida Eron futbol klubi «Traktor»ga qarshi to‘p surdi. Mazkur bahsda 0:0 hisobi qayd etildi.

27 apreldan 28 apelga o‘tar kechasi AGMK futbol jamoasi OCHL guruh bosqichida 5-tur uchrashuvini «Al Hilol» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 0:3 hisobi qayd etildi va unda «Al Hilol» g‘alabaga erishdi.

Ayni shu tunda Yevropa Chempionlar ligasi doirasida yarim finalning birinchi o‘yini ham o‘tkazildi. Unda «Real Madrid» jamoasi «Chelsi»ni o‘z maydonida qabul qilib, 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi. 11-daqiqada Pulishich o‘yinda hisobni ochib, «Chelsi»ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, Karim Benzema 29-daqiqada gol urib, muvozanatni tikladi.

28 aprel kuni Professional ringdagi yengilmas bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyev navbatdagi jangini qachon va kimga qarshi o‘tkazishi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, Bektemir 19 iyun kuni amerikalik Gabriyel Rosadoga qarshi ringga ko‘tariladi. Jang Texas shtatida, Mungia — Suleski jang oqshomi doirasida tashkil etiladi.

28 apreldan 29 aprelga o‘tar kechasi YeCHLning ikkinchi yarim final bahsi o‘tkazildi. Unda «PSJ» jamoasi o‘z uyida «Manchester Siti»ni qabul qildi. 15-daqiqada Markinos hisobni ochib, parijliklarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 64-daqiqada Kevin de Bryuyne, 71-daqiqada Riyad Mahrezning kiritgan gollari evaziga mehmonlar g‘alabani o‘zlari tomonga og‘dirishdi.

29 aprel kuni «Paxtakor» jamoasi OCHL guruh bosqichidagi 6-tur uchrashuvini «Eyr Fors» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 1:0 hisobi qayd etildi va unda O‘zbekiston jamoasining qo‘li baland keldi.

29 apreldan 30 aprelga o‘tar kechasi Yevropa ligasi doirasida ham yarim final uchrashuvlari o‘tkazildi. «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Roma»ni 6:2 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, «Arsenal» jamoasi «Vilyarreal» mehmoni bo‘lib, 2:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

30 aprel kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasining guruh bosqich uchrashuvlari yakunlandi. 3-turdan keyingi holat bilan tanishing:

Foto: O‘zPFL matbuot xizmati

Guruh o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatgan 14 jamoa safiga 1/8 finalda yana ikkita jamoa qo‘shiladi: «Paxtakor» va AGMK. Natijada 16 klub keyingi bosqichda 8ta juftlikka bo‘lingan holda bitta uchrashuvdan iborat bahslarda ishtirok etadi.

Foto: O‘zPFL matbuot xizmati

30 apreldan 1 mayga o‘tar kechasi Olmaliqning AGMK jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida «Istiqlol»ga qarshi to‘p surdi. Mazkur bahsda 1:2 hisobi qayd etildi va unda O‘zbekiston jamoasining qo‘li baland keldi.