«O‘zbektelekom» AK xalqaro paketli kommutatsiya markazining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilib, internet tezligi 1800 Gbit/sekundga yetkaziladi. Bu boradagi loyihaning parametrlari Vazirlar Mahkamasining 17 apreldagi qarorida belgilangan, deya xabar berdi Norma. Hujjatda loyihani amalga oshirish muddati ko‘rsatilmagan.

Hujjatga ko‘ra, loyiha tanlovda g‘olib chiqqan AQSHning Winncom Technologies kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi bo‘yicha umumiy qiymati 25,9 mln dollarni tashkil etadi:

  • «O‘zbektelekom» AK BNG va DPI qurilmalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish uchun — 4,97 mln dollar:
  • «O‘zbektelekom» AK ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish uchun — 4,99 mln dollar;
  • «O‘zbektelekom» AK xalqaro paketli kommutatsiya markazini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish uchun — 4,98 mln dollar;
  • «O‘zbektelekom» AK ma’lumotlar uzatish yadro tarmog‘ida xizmatlar ko‘rsatishning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish uchun — 4,99 mln dollarlik mashina va uskunalar xarid qilinishi ma’lumot uchun qabul qilindi.

Loyiha «Aloqabank»ning umumiy qiymati 19,9 mln dollar miqdoridagi krediti, shuningdek, «O‘zbektelekom» AKning 5,9 mln dollar miqdoridagi o‘z mablag‘lari hisobida moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bor internet-kanalning kengaytirilishi 2018 yilda O‘zbekistonda amalga oshirilgan edi. O‘shanda kanalning tezligi 110 dan 1200 Gbit/s gacha yetkazilgan edi.