Buyuk Britaniya bosh vaziriga qarshi tergov boshlandi

Buyuk Britaniya saylov komissiyasi bosh vazir Boris Jonsonning qarorgohidagi xonadonni ta’mirlash ishlari bo‘yicha tergov boshladi. Boris Jonson Dauning-stritdagi hukumat qarorgohidagi ba’zi qimmatga qilingan ta’mirlash ishlarini Konservativ partiyaning donoridan 58 ming funt sterling miqdorida shaxsiy xayriya mablag‘lari bilan to‘lashda ayblanmoqda. Bosh vazir bu sarfni deklaratsiya qilmagan. Jonsonning ta’kidlashicha, barcha ta’mirlash xarajatlarini o‘z hisobidan to‘lagan (bosh vazir yilliga 42 ming funt sterling maosh oladi). Britaniya OAVning yozishicha, xonadonni jihozlash siyosatchiga 200 ming funt sterlingga tushgan. Rasman hukumat rahbari yashaydigan xonadonni ta’mirlash uchun 30 ming funt sterling ajratiladi. Buyuk Britaniyada katta miqdordagi xayriyalarni deklaratsiya qilmaslik jiddiy qoidabuzarlik hisoblanadi. — Gazeta.uz


AQSHda ijtimoiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchush 1,8 trln dollarlik dastur qabul qilindi

AQSH prezidenti Jo Bayden amerikalik oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 1,8 trln dollarlik yangi dasturni taqdim etdi. Dastur doirasida 10 yil davomida 1 trln dollar sarflanadi, shuningdek, 800 mlrd dollarlik soliq imtiyozlari beriladi. Mablag‘lar ta’lim sohasiga, kam yoki o‘rta daromadli oilalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Dasturni moliyashtirish, Baydenning ta’kidlashicha, boy amerikaliklar uchun daromad solig‘i stavkasini 37 foizdan 39,6 foizgacha oshirish orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, prezident 1 mln dollardan ko‘proq pul topadigan odamlar uchun kapitaldan olinadigan foyda va dividendlar bo‘yicha soliqlarni deyarli ikki baravar — 20 foizdan 39,6 foizgacha oshirishni taklif qilmoqda. Shunday qilib, boy AQSH fuqarolari uchun soliq stavkasi 43,4 foizga yetadi (hozirda bu 23,8%). Baydenning rejasida, shuningdek, kam va o‘rta daromadli odamlar uchun soliq imtiyozlari, shu jumladan ayrim soliq imtiyozlarini doimiy ravishda uzaytirish ko‘zda tutilgan. — Interfaks.

Mart oyida AQSHda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 1,9 trln dollarlik dasturning qabul qilinganligi haqida xabar bergan edik.


Armanistonda turk tovarlarini sotishga qo‘yilgan taqiq uzaytiriladi

Armaniston hukumati turk tovarlarini mamlakatga olib kirish taqiqini uzaytirish hamda ularni sotishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat iqtisodiyot vaziri vazifasini bajaruvchi Vagan Kerobyan so‘zlariga tayanib TASS xabar bermoqda. «Biz turk tovarlarini mamlakatga olib kirish hamda ularni sotishga qo‘yilgan taqiqni uzaytirmoqchimiz, chunki ular qandaydir aylanma yo‘llar bilan olib kelinmoqda va sotilmoqda», dedi u. Cheklovlarning amal qilish muddati ko‘rsatilmadi. Armanistonda turk tovarlari importiga olti oylik taqiq 2020 yilning dekabr oyi oxirida qo‘yilgan edi. TASSning yozishicha, tegishli qaror respublika hukumati tomonidan qabul qilingan va Turkiyani Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga aralashishi bilan izohlangan. — TASS.

Armanistonga tegishli xabar: Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Ozarbayjon arman harbiy asirlari va boshqa hibsga olinganlarni qaytarish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotganini aytib o‘tdi. Bir necha oy davomida mamlakat Ozarbayjondan barcha asirlar va hibsga olinganlarni qaytarib olishga harakat qilayotgani ta’kidlandi.


Xitoy orbital stansiyasining asosiy moduli orbitaga chiqarildi

«Chanchjen-5V» og‘ir raketasi 29 aprel kuni Xitoy orbital stansiyasining «Tyanxe» baza modulini past Yer orbitasiga muvaffaqiyatli uchirdi. Boshqaruv markazi, yashash xonasi va havo shlyuzi bilan jihozlangan bosh modulning orbitaga chiqarilishi — orbital stansiyani yaratishda birinchi bosqichdir, deya ta’kidlandi. Ma’lum qilinishicha, stansiyaning qurilishini yakunlash uchun 11 ta uchirish va bir yildan sal ko‘proq vaqt talab etiladi. 2022 yilda qurilishi tugagandan so‘ng stansiyaning umumiy og‘irligi 100 tonnani tashkil etadi va Xalqaro kosmik stansiyadan (XKS) bir necha baravar kichikroq bo‘ladi. Xitoy stansiyasi doimiy ravishda uchta fazogirni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. — Interfaks.

12 aprel kuni Rossiyada o‘z kosmik stansiyasini yaratish va Xalqaro kosmik stansiyadan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya XKSni 2025 yildan keyin tark etadi.


Kolumbiyadagi namoyishlar paytida 40 dan ortiq politsiya xodimi jarohat oldi

Foto: twitter.com/VickyDavilaH

28 aprel kuni Kolumbiya bo‘ylab soliq islohotlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Miting paytida kamida 42 politsiya xodimi turli darajadagi tan jarohati olgani haqida Kolumbiya ichki ishlari vaziri Daniel Palasios aytib o‘tdi. Vazir shuningdek, 40 kishining hibsga olingani haqida ma’lum qildi. — Daniel Palasiosning Twitter’dagi sahifasi.


Myanmadagi ikkita aviabazaga hujum uyushtirildi

Myanmadagi ikkita aviabazaga 29 aprel kuni erta tongda hujum uyushtirildi. TASSning Reuters’ga tayanib yozishicha, uchta portlash avval mamlakatning markaziy qismidagi Mague shahri yaqinida joylashgan aviabazada sodir bo‘lgan. Ikkinchi hujum Maguedan shimoli-sharqdagi Meytxila shahridagi aviabazada sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bazaga beshta raketa uchirilgan. Vafot etganlar va yaradorlar haqida ma’lumot yo‘q. Ayni paytda sodir bo‘lgan voqea uchun hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaganligi ta’kidlangan. — TASS.

1 fevral kuni Myanmada harbiylar hukumat rahbarlari hibsga olingani va mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy etilgani haqida e’lon qilgan edi.

21 aprel holatiga ko‘ra 739 kishi, shu qatorda bolalar namoyishlar paytida vafot etdi. Hukumatga qarshi harakatning 3,3 mingdan ortiq ishtirokchilari hibsga olingan, ulardan 76 nafari qamoq jazosiga hukm qilingan. 1059 namoyishchini hibsga olish to‘g‘risida order berilgan.


Shuningdek:

  • Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara hududida nizoli vaziyat yuzaga kelib, ikkala tomon mahalliy aholisi bir-biriga tosh otdi. Umumiy 11 kishi jarohatlangani aytilmoqda. Tomonlar nizo kelib chiqishida bir-birlarini ayblashmoqda. Qirg‘izistonning 3 ta qishlog‘ida favqulodda holat joriy etildi.
  • Turkmanistonning Turkmanobod shahrida «prezident imijini buzmaslik» uchun do‘konlar oldida odamlarning yig‘ilishi taqiqlangani aytilmoqda. Mahalliy aholi do‘konda 4 kishidan ko‘proq odam to‘plansa, politsiya hibsga olish bilan tahdid qilayotganligini ta’kidlamoqda.