O‘zbekiston va Ukraina 2021 yilning may oyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklaydi. Bu haqda transport vaziri, Uzbekistan Airways kompaniyasi raisi Ilhom Mahkamov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Kiyev bilan muzokaralar olib borilmoqda, umuman olganda bizda qat’iylik bor. Pandemiya hisobiga hech narsa tubdan o‘zgarib ketmasa, [aviaqatnovlarni] boshlashni rejalashtirayapmiz. [Reyslarni] haftasiga ikki yoki uch martadan boshlashni rejalashtirayapmiz. Ular tomonidan hozircha bizga UXA (Ukraina xalqaro avialiniyalari) va SkyUp Airlines taklif qilinmoqda», — dedi transport vaziri.

Bundan tashqari, may oyidan boshlab Uzbekistan Airways yangi biznes modulga o‘tish doirasida 9 ta norentabelli — Parij, Rim, Milan, Amritsar, Mumbay, Bangkok, Tokio, Kuala-Lumpur va Jakartaga aviareyslarni bekor qilishi aviakompaniyaga 12,3 mln dollarni tejashiga olib keladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlar uzoq yillar davomida norentabelli bo‘lib kelgan va aviakompaniyaning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

«Bu (reyslarni bekor qilish — tahr.) pandemiya bilan ham, aviakompaniyaning yangi strategiyalari bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Agarda u yerda talab, ushbu hududning sayyohlik salohiyati bo‘lsa, u holda bizda har doim charter reyslarni qo‘yish va u yerdan odamlarni tashish imkoniyati bo‘ladi. Umuman olganda mazkur tajriba hamma joyda qabul qilinadi», — dedi Ilhom Mahkamov.

«Charter reyslarini amalga oshirar ekan, jozibadorlikni ko‘rsak va muntazamga o‘tishni maqsadga muvofiq deb topsak, har doim muntazam reyslarga o‘tish imkoniyati mavjud», — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda to‘xtab qolgan O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi doimiy aviaqatnovlarni qayta tiklash rejasi haqida avvalroq ma’lum qilingan edi. Fevralda Ukraina O‘zbekiston bilan havo aloqasini ertaroq tiklash, har ikki tomonga haftasiga yetti marta parvozlarni amalga oshirishdan manfaatdor ekani haqida xabar berilgan edi. Shu bilan birga, Toshkent-Xarkov-Toshkent temir yo‘l aloqasini tiklash masalasi ko‘tarildi.

Sentyabrda elchi Nikolay Doroshenko Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan Samarqand va Kiyev o‘rtasida aviaqatnovlarni o‘rnatish masalasini muhokama qilgan edi. Oktyabr boshida esa Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi SkyUp aviakompaniyasi vakillari Toshkent va Kiyev o‘rtasida doimiy qatnovlarni yo‘lga qo‘yish, so‘ngra reyslar sonini bosqichma-bosqich oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Avianews.com ma’lumotlariga ko‘ra, loukoster iyuldayoq Ukraina Davlat aviatsiya xizmatiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish huquqini olish uchun ariza topshirgan bo‘lib,ushbu aviakompaniya Kiyevdan Toshkentga haftasiga ikki marta parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.