«Farg‘ona» kichik sanoat zonasida elektromobillarni yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu haqda seshanba kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi taqdimotda aytilgan. Bunga «Gazeta.uz» e’tibor qaratdi.

Loyihani Central Asia Ceramic (keramik mahsulot, santexnika ishlab chiqaruvchi) kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 520 mlrd so‘m qiymatga ega ob’ektning ishga tushirilish vaqti 2021 yilning noyabr oyiga belgilangan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 ming dona avtomobilga teng bo‘ladi, 350 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.


2019 yilning sentyabr oyida prezident Farg‘ona viloyatidagi «Qo‘qon» erkin iqtisodiyot zonasiga tashrif buyurgan edi. O‘shanda «Shaffof omadli sanoat» xususiy korxonasi xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan birgalikda 2021 yildan elektromobillarni ishlab chiqarishni boshlashi haqida aytilgan edi. Elektromobilning narxi 3000 dollarga baholangan edi. Lekin o‘shandan beri loyiha haqida ma’lumot berilmadi.

Mart oyida Moliya vazirligi mamlakat ichida elektromobil xarid qilish va ularni vaqtincha olib kirish uchun to‘lovlarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritgan edi. 2020 yilda O‘zbekiston 2,9 mln dollar qiymatga ega 131 ta elektromobil import qilgan.

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarilishi 2025 yilda boshlanishi haqida ma’lum qilgan edi.