Indoneziyada cho‘kib ketgan suvosti kemasi topildi

21 aprel kuni g‘oyib bo‘lgan Indoneziyaning harbiy suvosti kemasi 25 aprel kuni Bali orolidan 97 km uzoqlikda va 838 m chuqurlikda topildi. Mamlakat harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, kema uchta qismga bo‘lingan. Ehtimol, bu chuqurlikdagi suv bosimi tufayli sodir bo‘ldi, deya keltiradi ushbu ma’lumotni Lu Man. Rasmiy ravishda 53 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘ldi deb e’lon qilingan, shu jumladan 49 nafari ekipaj a’zosi, suvosti kemasi qo‘mondoni va uch nafar harbiy xizmatchi. Interfaksning yozishicha, bundan bir kun oldin qutqaruvchilar dengizdan ekipaj a’zolarining joynamozlari, torpeda uskunasi qismlari, periskopni moylash idishini topgani haqida xabar berilgan. Qidiruv ishlarida indoneziyaliklardan tashqari Avstraliya, Hindiston, Malayziya, Singapur va AQSH dengiz flotining kemalari va vertolyotlari ishtirok etdi. — Lu Man.

KRI Nanggala 402 suvosti kemasi 21 aprel kuni g‘oyib bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 03:30 atrofida suvosti kemasi o‘quv topshirig‘ini bajarish uchun sho‘ng‘ishni boshlagan. Kema bilan aloqa 4:25da, tezkor guruh komandiri torpedani uchirishga buyruq bermoqchi bo‘lganida uzilib qoldi. Ertalab soat 5:15da suvosti kemasi rejalashtirilganidek suv yuziga ko‘tarilishi kerak edi. Kema 1977 yilda Germaniyada qurilgan bo‘lib, 1981 yilda Jakartaga topshirilgan. Indoneziya dengiz flotida bunday kemalar soni 5ta bo‘lgan va Nanggala 402 ulardan biri.


Isroil G‘azo sohilidagi baliq ovi hududini butunlay yopib qo‘ydi

Isroil 26 aprel kuni soat G‘azo sektori qirg‘og‘idagi falastinlik dengizchilarning baliq ovlash hududini butunlay yopib qo‘ydi. Bunday qarorning qabul qilingani Isroil hududiga G‘azodan raketalar uchirilgani bilan izohlandi. TASSning Kan’ga tayanib yozishicha, avval falastinliklarning baliq ovlash hududini 28 kmdan 17 kmga qisqartirishga qaror qilingan edi, ammo raketa hujumlari davom etgandan keyin hududni falastinlik dengizchilarga to‘liq yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

G‘azo sektoridan Isroil hududiga 23 aprel oqshomidan 24 aprel tongigacha 36ta raketa uchirildi, «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimi ulardan oltitasini ushlab qoldi, qolganlari esa odamlar yashamaydigan joylarda portladi. 24 aprel kuni kechqurun 2020 yil fevralidan beri Isroilga eng kuchli raketa hujumi qilingani qayd etildi. — TASS.


AstraZeneca’ga qarshi sud jarayoni boshlandi

Yevropa Komissiyasi 23 aprel kuni AstraZeneca ustidan sudga shikoyat qilgan edi, hozirda esa sud jarayoni boshlandi. Kompaniya jamoaviy sotib olish shartnomasini buzganligi ayblanmoqda. Bu haqda Yevropa Komissiyasining rasmiy vakili Stefan de Keyersmaker ma’lum qildi. «Shartnomaning ba’zi shartlari bajarilmadi va kompaniya vaksina dozalarini yetkazib berishni kafolatlash uchun ishonchli strategiyani taqdim eta olmadi», dedi vakil. Yevropa Komissiyasi ushbu yuridik protsedurani o‘z nomidan va 27ta a’zo davlat nomidan boshlagani ta’kidlandi. — Interfaks.

22 aprel kuni Yevropa Komissiyasi AstraZeneca kompaniyasi ustidan sudga shikoyat qilishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik. Joriy yilining birinchi choragida kompaniya Yevropa Ittifoqi bilan shartnomada belgilangan 100 mln doza o‘rniga 30 mln dozani mintaqa mamlakatlariga yetkazib berdi. Ikkinchi chorakning oxiriga kelib 70 mln dozani yetkazib berilishi taxmin qilingan, lekin shartnoma bo‘yicha AstraZeneca 300 mln dozani yetkazib berishi kerak.


Suriya 1 mlndan ortiq aholisi ichimlik suvisiz qolganligi uchun Turkiyani ayblamoqda, Turkiya buni rad etmoqda (xabar to‘ldirildi)

SANA nashri Suriya TIV tayanib ta’kidlashicha, Turk harbiylarining harakatlari sababli Suriyaning Xaseke shahridagi 1 mlndan ortiq aholisi ichimlik suvisiz qolgan. «Turkiya ishg‘ol kuchlari va ularning yollanma xizmatchilari Xaseke shimolidagi Alluk shahridagi suv nasos stansiyasining faoliyatini to‘xtatib, 16 kun davomida shahar va uning atrofidagi suv ta’minotini to‘xtatdilar», deyiladi TIV bayonotida.

Vazirlik BMT Xavfsizlik Kengashi va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi e’tiborini «mamlakat shimoliy-sharqida Suriya fuqarolarining hayoti uchun chidab bo‘lmas sharoitlar yaratadigan Turkiyaning jinoiy harakatlariga» qaratmoqda. Bayonotda ta’kidlanishicha, Anqara Allukdagi suv stansiyasining faoliyatini 2019 yil oktyabridan buyon 23 marotaba to‘xtatgan. «Damashqda koronavirus pandemiyasi paytida ichimlik suvidan mahrum bo‘lgan begunoh aholiga nisbatan bu g‘ayriinsoniy amaliyotga chek qo‘yishni talab qilmoqdalar», — deyiladi bayonotda. Keyinchalik, SANAning xabar berishicha, suriyalik muhandislarga Alluk inshootida ta’mirlash ishlariga ruxsat berilgan. — SANA.

Anadolu agentligi dekabr oyida Suriya hukumatining shunga o‘xshash vajlari haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qilgan edi. Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, ushbu hududni suv bilan ta’minlaydigan Alluk suv stansiyasidagi elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar sababli suv odatdagidek 6 ta quvur orqali emas, 3 ta quvur orqali yetkazib berilgan. Anadolu manbalari ushbu suv stansiyasiga elektr energiyasi Suriya hukumati rejimi nazoratidagi Tishrin to‘g‘onidan yetkazib berilishini ta’kidlashgan.

Xabar to‘ldirildi: 18:11 27.04.2021.


Ukraina Chernobil haqidagi maxfiy hujjatlarning bir qismini oshkor qildi

Chernobil AESidagi falokatning 35 yilligi munosabati bilan Ukraina Xavfsizlik xizmati o‘z arxividagi ba’zi maxfiy hujjatlarni, shu jumladan Chernobil AES direktorining portlash haqidagi birinchi hisobotini va voqea sodir bo‘lgan paytda zavod operatorlari o‘rtasidagi muzokaralarini oshkor qildi. Bayonotga ko‘ra, avariyalar 1986 yilgacha ham sodir bo‘lgan. Masalan, 1982 yilda 1-energiya blokidan radioaktiv moddalar sezilarli darajada chiqib ketgan. Shuningdek, 1984 yilda 3 va 4-energiya bloklarida ham avariyalar sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, 1983 yilda Sovet rahbariyati Chernobil AES «xavfsizlik uskunalari yo‘qligi sababli SSSRdagi eng xavfli atom elektr stansiyalaridan biri» ekanligi to‘g‘risida ma’lumot olgan. Falokat sodir bo‘lgan taqdirda, radioaktivlik Xirosima va Nagasakidagi atom bombalarining portlashlariga qaraganda 60 baravar yuqori bo‘ladi deb taxmin qilingan, deya keltiriladi bayonotda. 1986 yil 8 iyulda Chernobil AESidagi avariyaning barcha tafsilotlari maxfiylashtirilgan. —  Ukraina Xavfsizlik xizmatining Facebook’dagi sahifasi.

«Gazeta.uz» ushbu fojia haqida «Shaharni arvohga aylantirgan avariya — Chernobil AESidagi portlash tarixi» nomli maxsus maqolasida taqdim etadi.


Shuningdek:

  • Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish uchun 25 aprel kuni iste’foga chiqdi. Bu vaqt davomida u Vazirlar Mahkamasi rahbari vazifasini bajarishda davom etadi.
  • AQSH prezidenti Jo Bayden 1915 yilda Usmonli imperiyasida (zamonaviy Turkiya hududida) etnik armanlarga qarshi uyushtirilgan qirg‘inlarni genotsid deb tan oldi. Bu so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta AQSHning amaldagi prezidenti tomonidan armanlar genotsidining rasman tan oldi.
  • Bog‘doddagi koronavirus bemorlarini davolashga mo‘ljallangan kasalxonaning kislorod saqlanadigan omborida portlash ro‘y berib, yong‘in yuzaga kelgan. 80 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 110 kishi jarohat oldi.
  • Hindistondagi kasalxonalar yotoq va kislorod tugaganligi sababli COVID-19 bemorlarini qabul qilishdan bosh tortmoqda. O‘liklar ko‘pligidan ularning jasadlari ko‘chada yoqilmoqda. Kuniga 360 mingdan ortiq kishida virus aniqlanib, 3 ming kishi vafot etayotgani qayd etilgan.
  • «Oskar-2021» mukofoti g‘oliblari taqdirlandi. «Nomadland» («Ko‘chmanchilar o‘lkasi») filmi eng yaxshi film deb topildi, unda asosiy rolni ijro etgan Frensis MakDormand eng yaxshi aktrisa bo‘ldi, Entoni Xopkins esa («Ota» filmi) eng yaxshi aktyor deb topildi.