11 aprel kuni Qirg‘izistonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Referendumda ovoz beruvchilarning 79,3 foizi prezidentning vakolatlarini kengaytiruvchi konstitutsiyaning yangi tahririni qo‘llab-quvvatlashdi, 13,6% qatnashuvchilar esa qarshi ovoz berishdi, deya xabar berdi Qirg‘iziston markaziy saylov komissiyasi.

Aholining referendumda qatnashish ko‘rsatkichi 36,9% ni tashkil etdi. Qonunga ko‘ra, referendum 30% aholi qatnashsa va yangi konstitutsiyani qabul qilish uchun 50 foizdan ko‘p qatnashchi ovoz bersa, u qabul qilingan hisoblanadi.

Referendumning yakuniy natijalari yaqin 10−15 kun ichida e’lon qilinadi.

Ovozga qo‘yilgan yangi tahrirga ko‘ra, prezident qonunchilik tashabbusi huquqini qo‘lga kiritib, unga ijro etuvchi hokimiyatni boshqarish, shuningdek Vazirlar Mahkamasini tarqatib yuborish imkoniyatini beradi.

Qirg‘iziston konstitutsiyasi 1993 yilda qabul qilingan bo‘lib, u 10 marta o‘zgartirilgan. Qonstitutsiya oxirgi bor 2016 yilda o‘zgartirilgan va unda Bosh vazir va parlament vakolatlari kuchaytirilgan.