Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan 1 apreldan boshlab, to shu kungacha koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 35386 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda SSV.

5 aprel kuni eng ko‘p emlanish holati qayd etilgan hududlar:

  • Samarqand viloyati — 1783 nafar;
  • Toshkent shahri — 1691 nafar;
  • Toshkent viloyati — 1321 nafar;
  • Namangan viloyati — 1171 nafar;
  • Andijon viloyati — 1128 nafar.

Eslatib o‘tamiz, 1 aprel sanasidan boshlab, O‘zbekiston vaksinatsiyaning ilk bosqichi — 65 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlarini emlash jarayonlari boshlangan edi. Shu kuniyoq jami 5 018 nafar fuqaro ixtiyoriy ravishda emlandi. Ulardan 1871 nafarini 65 yoshdan yuqori fuqarolar va 3147 nafarini tibbiyot xodimlari tashkil etgandi.

Hozirga qadar O‘zbekistonga 660 ming doza AstraZeneca (Vaxzevria — yangi nomi), 1 mln doza xitoy-o‘zbek vaksinasi olib kelindi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» muxbiri Toshkent shahri va viloyatidagi bir qancha emlash punktlariga tashrif buyurib, aholining vaksina bo‘yicha fikrlarini o‘rgangan edi. Kimdir xitoy-o‘zbek vaksinasi ishonchliroq desa, boshqa birovga AstraZeneca ma’qul, yana kimdir esa «Sputnik V elita qatlami uchun», deb fikr bildirgandi.