Byudjet mablag‘lari talon-taroj qilinsa, prokurorlar ham javobgar bo‘ladi. Bu haqda 24 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga qaysi qishloq yoki mahalla kirishini xalq deputatlarining mahalliy kengashlari belgilab beradi. Tuman va shaharlar hokimlarining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z dasturlari doirasida zarur mablag‘lar va amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.

«Kengashning qarori bo‘lmasa banklar ham pul o‘tkazib bermaydi. Kengash tasdiqlaydi, keyin unga mablag‘ ajratiladi», — dedi prezident.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma ob’ektlari «manzilli dasturi»ni tasdiqlaydi. Bunda, dasturlar doirasida mahalla raislari va aholining «ijtimoiy hamkorligi»ni ham nazarda tutish zarurligi aytildi.

«Ya’ni, davlat yangi yo‘l qurib bersa, uning atrofiga daraxt ekish, qazib berilgan ariq va zovurlarni keyinchalik tozalash, qurilgan binolarning butun saqlanishini ta’minlash bo‘yicha mahalla aholisi o‘ziga majburiyat olishi kerak. Shu vaqtgacha bunday majburiyatni o‘zimizga olmaganmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident qurilish vaziri Botir Zokirov viloyat hokimlari bilan birga, «manzilli dastur»ga kiritilgan har bir ob’ekt bo‘yicha loyiha institutlarini biriktirib, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lishini ma’lum qildi.

«Viloyat, tuman va shahar hokimlar tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilishga pul berilmaydi», — dedi u. Prezident viloyat, tuman va shahar hokimlariga qarata, loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilish ishlarini boshlash man etilishini ta’kidladi.

Sektor rahbarlari belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tashkil etib, yagona onlayn tizimga ma’lumotlarni kunlik kiritib boradi va har oyda ishlar ahvoli bo‘yicha mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot beradi.

Yig‘ilishda shuningdek, prezident maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov, uning o‘rinbosari Alisher Usmonov va bosh prokuror o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov har haftada joyiga chiqqan holda, bittadan viloyatdagi ishlar ahvolini muhokama qilishi bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan tashqari, respublika va mahalliy byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larning manzilli, talon-taroj qilinmasdan har bir so‘mini qanday samarali ishlatilishini prokuratura tizimi, tuman va shaharlar prokurorlarining yordamchilari tomonidan nazorat qilinishi aytildi.

«Tursinxan Xudayberganov aniq kimni ishdan olish kerakligi bo‘yicha hisobot beradi. Nimaga biz peshona terimiz bilan topayotganimizni ular talon-taroj qilayapti? Endi byudjet mablag‘lari talon-taroj qilinsa, mutasaddilar qatorida prokurorlar ham javobgar bo‘ladi», — deya ta’kidladi prezident.

Akmalxo‘ja Mavlonov «manzilli dastur"larni moliyalashtirishga ajratilgan 10 trln so‘mdan 845 mlrd so‘mi (8,4%) talon-taroj qilinganini ma’lum qildi.
Prezident bosh prokuror o‘rinbosariga korrupsiya holatlarini oldini olish uchun OAV va jamoatchilik bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Menga „o‘g‘irladi“ degan gap juda og‘ir botadi. Shaxsan o‘zim kimnidir qamab yuborishga buyruq bermaganman. 25 yil qamash bilan shug‘ullandik, lekin korrupsiya yo‘qolmadi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, mazkur yig‘ilishda 2021 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari hamda ipoteka dasturlarini moliyalashtirishga 3 mlrd dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi ta’kidlangan edi. Prezident ushbu mablag‘lar tashqi qarz ko‘paymagan holda ajratilishini qo‘shimcha qilgan.