O‘zbekiston Energetika vazirligi «Iste’molchilarning elektr tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Hujjatni ishlab chiqishga asos sifatida prezidentning og‘zaki topshiriqlari hamda Prezident Administratsiyasining 2020 yil 10 dekabrdagi topshirig‘i keltirilgan.

Ma’muriy reglamentni 1 avgustda tasdiqlash taklif qilinmoqda. Unda iste’molchilarni elektr tarmoqlariga ulash uchun murojaatlarini shakllantirish va yuborish, iste’molchilarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish va tayyor holda topshirish shartnomasi loyihalarini taqdim etish tartiblari, shuningdek, quvvati 50 kVtgacha va 50 kVtdan yuqori bo‘lgan iste’molchilarni elektr tarmoqlariga ulash tartiblari keltirilgan.

Reglamentga muvofiq, iste’molchilarni elektr tarmoqlariga ulash bosqichlari ulangan quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilarda to‘rttadan bittaga va 50 kVtdan yuqori iste’molchilarda to‘rttadan ikkitaga tushirish rejalashtirilmoqda. Ulashning barcha bosqichlari to‘liq raqamlashtirilgan holda ELEKTR dasturiy ta’minoti hamda davlat xizmatlari markazlari, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, ulangan quvvati 50 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilarni tarmoqqa ulash uchun «oferta» imzolash orqali bir martalik to‘lovni amalga oshirish mexanizmi joriy etilishi kutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, quvvati 20 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilar (maishiy iste’molchilardan tashqari) tayyor holda elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha HETKga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (7,35 mln so‘m) miqdorida bir martalik to‘lovni amalga oshiradi. Korxona elektr tarmog‘iga 10 ish kuni davomida ulanadi.

Quvvati 20 kVtdan 50 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilar elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha HETKga bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari (14,7 mln so‘m) miqdorida bir martalik to‘lovni amalga oshiradi, elektr ta’minoti shartnomasini (oferta) imzolaydi va iste’molchi 20 ish kuni muddatda elektr tarmoqlariga HETK tomonidan ulab beriladi.

Ushbu iste’molchilarni elektr tarmoqlariga tayyor holda ulash yuzasidan barcha ishlar (elektr ta’minoti loyihasini ishlab chiqish, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish, elektr energiyasini o‘lchash vositasini o‘rnatish va plombalash naryadini rasmiylashtirish va elektr ta’minoti shartnomasini tuzish) HETK tomonidan amalga oshiriladi.

Iste’molchilar tomonidan elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha HETKga to‘lanadigan bir martalik to‘lov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

  • 97 foizi — HETKning bank hisobvarag‘iga;
  • 2 foizi — «O‘zenergoinspeksiya» bank hisobvarag‘iga;
  • 1 foiz — tanlov savdolari yakunida g‘olib bo‘lgan, onlayn platforma yaratgan tashkilot hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Loyiha muhokamasi 4 aprelga qadar davom etadi.

Oktyabr oyi oxirida «Hududiy elektr tarmoqlari» raisi Ulug‘bek Mustafoyev prezident Shavkat Mirziyoyev 2021—2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik vazifasini qo‘yganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qilinadigan modernizatsiya, rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishga tarifni ko‘tarish hisobidan emas, balki mana shu ishlab chiqarishda ketadigan harajatlarni, ya’ni tannarxni kamaytirish evaziga erishish masalasini qo‘yildi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston davlat qarzining 13,7 foizi (2,9 mlrd dollarga yaqin) elektr energiyasi sohasiga to‘g‘ri keladi.