Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektorda onkologiya sohasidagi muammolar havotirga solayotganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Meni onkologiya sohasidagi muammolar xavotirga solayapti. Yaqinda yangi qaror chiqadi. Bu sohada ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgan. Biz oxirgi 10−15 yil ichida ushbu soha jilovini qo‘yib yubordik», — dedi davlat rahbari.

O‘zbekistonda har yili 3,5 mingdan ortiq ayollar ko‘krak bezi saratoni, 1,5 mingga yaqin xotin-qizlar esa ayollar kasalliklaridan vafot etayotgani aytildi.

Bundan tashqari, prezident qishloq joylarida, olis va chekka hududlardagi xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati talab darajasida emasligini ta’kidladi.

Misol uchun, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ish yoshidagi ayollarning 30 foizida kamqonlik aniqlangan. Bundan tashqari, xotin-qizlar o‘rtasida nafas olish, hazm qilish a’zolari, yurak-qon tomir tizimi kasalliklari ham ko‘p.

Shu kabi, tibbiy yordamga muhtojligi aniqlangan 44 ming nafar xotin-qizlarni alohida nazoratga olib, tibbiyot brigadalariga biriktirish, tor doiradagi shifokorlarni jalb qilgan holda, ularni davolash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda joriy yil yakuniga qadar qariyb 9 million ayolni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan, jumladan, saraton skriningidan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Onkologik kasalliklarni profilaktika qilish maqsadida 323 ming nafar qizlar odam papillomasi virusiga qarshi emlanishi aytildi.

Avvalroq, davlat rahbari o‘tgan yili 15 mingga yaqin xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganini aytgan edi. «Eng achinarlisi, ayollarni xo‘rlash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish hamda omma oldida „sazoyi“ qilish holatlari oddiy holatga aylanib bormoqda», — dedi u.

Shuningdek, O‘zbekistonda barcha viloyat hokimlari mahalliy byudjet hisobidan 100 nafardan muhtoj qizlar va ayollarning OTM kontrakt pullarini to‘lab berishi aytilgandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan» xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim joriy qilinadi.